Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Toshkent va unga tutash hududlarda yoqilgʻi sifatida mazutdan foydalanish taqiqlanadi

2025-2030-yillarda Toshkent shahar va unga tutash Toshkent viloyatining hududlarida 441 gektar yer maydonlarida “yashil belbogʻ” va “yashil bogʻlar” tashkil qilinadi. 2030-yildan isitish va elektr energiya ishlab chiqarish korxonalariga yoqilgʻi sifatida mazutdan foydalanish boʻyicha taqiq oʻrnatiladi.

“Chang boʻronlariga qarshi kurashish va atmosfera havosi sifatini yaxshilash boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident Qarori qabul qilindi. Unga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasida chang boʻronlariga qarshi kurashish va ularning oqibatlarini yumshatish boʻyicha 2024–2030-yillarga moʻljallangan milliy dastur tasdiqlandi.

Chang va qum boʻronlari oldini olish va oqibatlarini yumshatishda ilgʻor texnologiyalarni joriy etish hamda hududlarda yashil qoplamalarni kengaytirish hamda 2028 yilgacha kuchli chang boʻronlari hosil boʻlish surʻatlarini hozirgi holatiga nisbatan 50 foizga qisqartirish Milliy dasturning asosiy yoʻnalishlari etib belgilandi.

2025-yil 1-yanvardan Toshkent shahrining 12 ta tumanida fon monitoringini amalga oshirish uchun avtomatlashtirilgan kichik stansiyalarni oʻrnatish ishlari boshlanadi.

2026-yil 1-yanvardan Toshkentda oʻrnatilgan maxsus monitor va tablolarda majburiy ravishda atmosfera havosining ifloslanish darajasi hamda gidrometeorologik maʻlumotlar eʻlon qilib boriladi.

Shuningdek, qarorga koʻra, Markaziy Osiyo davlatlari bilan muhokama qilgan holda Yashil Markaziy Osiyo fondi va Markaziy Osiyo iqlim masalalari markazini tashkil etishning konseptual asoslari ishlab chiqiladi.

2030-yildan Toshkent shahar va unga tutash Toshkent viloyatining hududlarida joylashgan isitish va elektr energiya ishlab chiqarish korxonalariga yoqilgʻi sifatida mazutdan foydalanish taqiqlanadi.

Toshkent shahriga tutash tumanlardagi 1,2 mingdan ortiq issiqxonalarda foydalanilayotgan koʻmir yoqilgʻisining atrof-muhitga salbiy taʻsirini kamaytirish maqsadida chang-gaz tozalash uskunalari oʻrnatiladi hamda bunday uskunalarni oʻrnatish uchun issiqxona xoʻjaliklariga subsidiya ajratish mexanizmi joriy qilinadi.

2025–2030-yillarda Toshkent shahar va unga tutash Toshkent viloyatining hududlaridagi jami 441 gektar yer maydonlarida “yashil belbogʻ” va “yashil bogʻlar” tashkil qilinadi.

2028-yildan “Yevro–4” standartidan past ekologik toifadagi motor yoqilgʻisidan foydalanish va sotish bosqichma-bosqich cheklanadi.