Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

“Maxam-Chirchiq” Ajga nisbatan narxlarni asossiz oshirish holati boʻyicha ish qoʻzgʻatildi

“Maxam-Chirchiq” AJda ishlab chiqarilgan mineral oʻgʻitlar narxini shakllantirishda normativ hujjatlarga amal qilinmagani natijasida narxlarning oʻrtacha 10-15 foizga oshgani aniqlangan. Ushbu omil qishloq xoʻjaligi korxonalariga ham taʻsir qilib, mahsulotlar qimmatlashishiga olib kelishi mumkin.

Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi “Maxam-Chirchiq” AJga nisbatan mineral oʻgʻitlar narxlarining asossiz oshirilishi boʻyicha ish qoʻzgatdi. Bu haqda qoʻmita matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, “Maxam-Chirchiq” AJda ishlab chiqarilgan mineral oʻgʻitlar narxini shakllantirishda normativ hujjatlarga amal qilinmagani natijasida narxlar oʻrtacha 10 foizdan 15 foizgacha oshgani aniqlangan. Ushbu omil qishloq xoʻjaligi korxonalariga (fermer, klaster, dehqon va boshqalar) bevosita taʼsir qilib, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari narxlari oshishiga olib kelishi mumkinligi aytildi.

Shunga koʻra, qoʻmita tomonidan “Maxam-Chirchiq” AJga nisbatan “Raqobat toʻgʻrisida”gi qonunning buzilishi alomati boʻyicha ish qoʻzgʻatildi.

Avvalroq Raqobat qoʻmitasi tomonidan madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning kiyim doʻkoni reklamasida qatnashishi yuzasidan oʻrganish ishlari olib borilayotgani maʼlum qilingandi. “Lukoil” kompaniyasiga nisbatan esa birjada narxlarni manipulyatsiya qilish alomati yuzasidan ish ochilgan. Shuningdek, elektr hisoblagichlarining elektr tokini ortiqcha hisoblayotgani boʻyicha muammolarni hal etish uchun tezkor guruh tuzilgandi.