Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Iqtisodiyot va moliya

Tranzit, neft va turizm: zilzila Turkiya iqtisodiyotiga qanday zarba berdi?

Zilzilalar oqibatida Turkiya iqtisodiyoti qanchalik ogʻir zarar koʻrganini baholash hali ham qiyin, ammo oqibatlari juda uzoq vaqt davomida sezilishi aniq

Turkiya janubida 6 fevralga oʻtar kechasi 7,7 magnitudali zilzila sodir boʻldi — bu soʻnggi oʻn yilliklardagi eng kuchlisi hisoblanadi.

Mamlakat prezidentining soʻzlariga koʻra, yer silkinishlari oqibatlari oʻnta viloyatga zarar yetkazgan. Turkiya bunday zarbani oxirgi marta 1939 yilda boshdan kechirgan, oʻshanda qurbonlar soni oʻn minglab bilan oʻlchangan. 7 fevral kuni Turkiyada yana zilzila sodir boʻldi va hozirgacha 90 mingga yaqin halok boʻlgan va jarohatlanganlar haqida xabar berilgan.

Fevral falokati mamlakat hayotining barcha jabhalariga, jumladan, iqtisodiyot va turizmga ham bevosita taʼsir qiladi. AQSH Geologiya xizmati yoʻqotishlarni Turkiya yalpi ichki mahsulotining, taxminan, 2 foizi deb baholadi. Hozirda infratuzilma obyektlarining bir qismi restavratsiya qilinmoqda. Asosiy zarbani Turkiyaning janubiy qismi oldi, Oʻrta Yer dengizi sohillari esa unchalik muhim transport markazi emas — mamlakatning asosiy portlari boshqa hududlarda joylashgan va ularga taʼsir koʻrsatmagan. Biroq yuk tashishda kechikishlar boʻlishi mumkin.

Infoline tahlilchisi Ivan Fedyakovning fikricha, janubiy hududlarda normal faoliyatni tiklash uchun bir necha kundan bir necha haftagacha vaqt ketadi. Zilzila, shuningdek, Boku—Tbilisi—Jeyxan neft oʻtkazish quvurlarining toʻxtab qolishiga olib kelgan, biroq obyektning oʻzi shikastlanmagan.

“Kommersantʼ” xabariga koʻra, falokat fonida turk lirasi bir dollar uchun 19 liradan rekord darajagacha tushib ketdi (7 fevral kungi maʼlumot). Biroq keyinchalik turk milliy valyutasi oʻz pozitsiyasiga qaytdi. Turkiya hukumati mintaqalarda vayron boʻlgan infratuzilmani tiklash uchun qancha mablagʻ sarflanishi haqida bashorat qilishga hozircha tayyor emas.

Turkiya iqtisodiyoti oxirgi paytlarda qiyin kunlarni boshdan kechirdi. Mamlakatda inflyatsiya darajasi ancha yuqori, 80 foizdan oshdi, milliy valyuta beqaror, saylov oldidan mamlakatdagi siyosiy vaziyatni tinch deb boʻlmaydi. Sodir boʻlgan falokat vaziyatni, shu jumladan turizm sohasidagi vaziyatni sezilarli darajada ogʻirlashtirishi mumkin, chunki Turkiya dam olish uchun ham, koʻchib oʻtish uchun ham eng jozibali yoʻnalishlardan biri boʻlib qolmoqda.