“Moziydan sado” jurnali bosh muharriri Zafar Hakimov “Bugun.uz”ga bergan intervyusida Oʻzbekistonda madaniy merosni asrash va tiklash, muzeylarning hozirgi holati haqida oʻz fikrlarini bildirib oʻtdi.
Uning soʻzlariga koʻra, oldinlari muzeylar omborga oʻxshash boʻlgan. Ularga eʼtibor berilgan, faqat bor asori-atiqa, sanʼat asarlarini jamlaydigan joy sifatida qaralgan.
Uning jamiyatdagi maʼdaniy-maʼrifiy mohiyati qaralmagan, yakkahokimlik ideologiyasi doirasida partiya yoki hukumat bergan maqsadli koʻrgazmalar boʻlgan.
“Sotsialistik realizmga vobasta boʻlgan asarlar koʻproq tashviqot qilinardi. Hozirgi kunda esa muzeylarimiz madaniy merosimizni bor boʻy-basti bilan koʻrsatishga harakat qilyapti. Ammo bu sohada ham yetarli darajada ishlar qilinmayapti. Nazarimda, muzey nafaqat maʼrifiy koʻrgazma muassasasi sifatida, bu ilmiy-tadqiqot markazi ham boʻlishi kerak. Bitta misol, oxirgi yilda Oʻzbekiston Sanʼat muzeyi qoshida maxsus ilmiy kengash tashkil etildi, unda sanʼatshunoslik yoki muzeyshunoslik sohasidagi yosh isteʼdodli olimlar oʻzining dissertatsiyasini yoqlash huquqi berildi”, — deydi u.
Shuningdek, Zafar Hakimov muzeylardagi ekspozitsiyalar yillab oʻzgarmasligi, odamlarni jalb qilish uchun ularni yangilab turish taklifini bildirgan.
“Hozir biz tomoshabinni yollashga harakat qilyapmiz, menimcha, muzey ham tomoshabin tomon harakat qilishi kerak. Hamma viloyatlarda maktablarning yangi binolari qurilgan, zallari bor. Balki ularda koʻrgazmalar tashkil etishga kerakdir. Muzeylararo koʻrgazmalar almashishni yoʻlga qoʻyish lozim. Chunki Qoraqalpogʻistondagi Savitskiy muzeyiga hamma ham bora olmaydi, shu sababli muzeylararo ham ijodiy, koʻrgazmalarni oʻtkazish maqsadga muvofiq”, — deya taʼkidlagan Hakimov.
Avvalroq Prezident topshirigʻi bilan Samarqandda “Muzeylar kvadrati” tashkil etilishi, davlat muzeylariga ish vaqtini uzaytirish huquqi berilishi, Oʻzbekistonda muzeylar daromad keltiradigan faoliyat bilan shugʻullanishi haqida xabar berilgandi.


