Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Oʻzbekiston OTBdan ichimlik va oqova suv tizimlarini qurish va rekonstruksiya qilish uchun 161 mln dollar qarz oldi

OTB Oʻzbekistonga ichimlik va oqova suv tizimlarini qurish va rekonstruksiya qilish uchun 161 mln dollar qarz beradi. Mablagʻ Toshkent viloyatining ayrim hududlari uchun sarflanadi.

Oʻzbekiston Osiyo taraqqiyot bankidan ichimlik va oqova suv tizimlarini qurish va rekonstruksiya qilish uchun 161 million dollar qarz oldi. Bu haqda Norma xabar berdi.

Maʼlum boʻlishicha, 2 avgust kuni Prezidentning “Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida ʻToshkent viloyati shahar va tumanlarida ichimlik va oqova suv tizimlarini qurish va rekonstruksiya qilish (3-bosqich)ʻ loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan.

Hujjat Toshkent viloyatining Angren, Bekobod, Olmaliq, Ohangaron, Chirchiq va Yangiyoʻl shaharlarida hamda Chinoz tumani markazida aholi va tadbirkorlik subyektlarining ichimlik va oqova suv xizmatlari bilan taʼminlanganlik darajasini oshirish, ushbu hududlarning sanitariya-epidemiologik hamda ekologik holatini yanada yaxshilash, shuningdek, Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida qabul qilingan.

Unga muvofiq, Oʻzbekiston va OTB  oʻrtasida “Toshkent viloyati shahar va tumanlarida ichimlik va oqova suv tizimlarini qurish va rekonstruksiya qilish (3-bosqich)” loyihasini amalga oshirish uchun 5 yillik imtiyozli davrni oʻz ichiga olgan 25 yilda qaytarish sharti bilan 161 million dollar miqdoridagi qarz bitimi imzolangan.

Loyihaning umumiy qiymati 185,8 million dollarni tashkil etadi, shu jumladan:

  • OTB qarzi — 161 million dollar;
  • Loyihani amalga oshirishda Oʻzbekistonning qoʻshilgan qiymat soligʻini qoplash va bojxona imtiyozlari shaklida ulushi — 24,8 million dollar;

Qayd etilishicha, loyihani amalga oshirish davri 5 yilni (2022 – 2027 yillar) tashkil etadi. “Oʻzsuvtaʼminot” aksiyadorlik jamiyati loyihaning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishi uchun zarur tashkiliy-texnik tadbirlarning oʻz vaqtida oʻtkazilishini, OTB qarzidan maqsadli va samarali foydalanilishini taʼminlaydigan masʼul ijro etuvchi organ etib belgilangan.

Toshkent viloyati hokimligi “Oʻzsuvtaʼminot” AJ bilan birgalikda loyihaning sifatli amalga oshirilishi, belgilangan koʻrsatkichlarga erishilishi va OTB qarzi qaytarilishi uchun javobgar qilib belgilangan.

Shuningdek, hujjat bilan quyidagilar tasdiqlangan:

  • “Toshkent viloyati shahar va tumanlarida ichimlik va oqova suv tizimlarini qurish va rekonstruksiya qilish (3-bosqich)” loyihasini texnik-iqtisodiy asoslashning asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari;
  • Loyiha doirasida Osiyo taraqqiyot banki qarzini qaytarish, foizlar va vositachilik haqini toʻlashning prognoz jadvali;
  • Loyiha doirasida Osiyo taraqqiyot banki qarziga xizmat koʻrsatish xarajatlarini qoplash boʻyicha ulushlar taqsimotining prognozi;
  • “Toshkent suv taʼminoti” masʼuliyati cheklangan jamiyatini moliyaviy sogʻlomlashtirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”.

Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 03 avgustdan kuchga kirgan.

Avvalroq Oʻzbekistonning tashqi qarzi qanchaga yetgani ochiqlangandi. Unga koʻra, Oʻzbekistonning umumiy tashqi qarzi 2022 yil boshiga nisbatan 16 foizga yoki 5,4 mlrd. dollarga oshib, 2022 yil 1 yanvar holatiga 39,6 milliard dollarni (2021 yilning 1 yanvar holatiga 34,2 milliard dollar) tashkil qilgan. 

Xususan, 2021 yil boshiga nisbatan davlat tashqi qarzi 11 foizga yoki 2,4 milliard dollarga oʻsib 23,7 milliard dollarni, davlat tomonidan kafolatlanmagan tashqi qarz esa 24 foizga yoki 3 milliard dollarga oʻsib 15,8 mlrd. dollarni tashkil etgan.