Toshkent hududining qariyb yarmi yaqin 20 yil ichida rekonstruksiya va yangilanishga muhtoj. Bu haqda CMWP Uzbekistan konsalting kompaniyasi va Atlas Global byurosi tomonidan tayyorlangan “IQ Toshkent 25. Shaharning 1930−2025 yillardagi rivojlanish dinamikasi” mavzusidagi tadqiqotga tayanib, Spot xabar berdi.
Bosh reja asosidagi hisob-kitoblarga koʻra, poytaxtdagi mavjud qurilish va infratuzilmalarning 43 foizi uchun rekonstruksiya zarur. Bu hajmga nafaqat turar-joy binolari, balki koʻcha-yoʻl tarmogʻi, muhandislik kommunikatsiyalari va jamoat joylari ham kiradi.
Shahar muhitini yangilash uch yoʻnalishda amalga oshiriladi:
- hududning 43 foizi — rekonstruksiya: ijtimoiy va muhandislik infratuzilmasini qisman zichlashtirish va rivojlantirish orqali mavjud binolarni yangilash;
- hududning 28 foiz — konservatsiya: obodonlashtirish va atrof-muhit barqarorligini taʼminlagan holda yangi qurilishsiz joriy foydalanishni saqlab qolish;
- hududning 15 foizi — renovatsiya: kam qavatli, sanoat va foydalanilmayotgan uchastkalarni yangi qurilishlarni shakllantirish orqali toʻliq oʻzgartirish.
Yoʻnalishlarning har biri hayot sifatini yaxshilash va poytaxtni oʻsib borayotgan aholi va iqlim oʻzgarishi muammolariga moslashtirishga qaratilgan.
Strategiya doirasida rekonstruksiya funksional vazifasini toʻliq oʻzgartirish bilan bogʻliq boʻlmagan binolar, kommunikatsiyalar va transport uzellarini yangilash hisoblanadi.
Hududni toʻliq buzish va yangidan qurishni nazarda tutuvchi renovatsiyadan farqli oʻlaroq, rekonstruksiya bir vaqtning oʻzida atrof-muhit sifatini, energiya samaradorligini va iqlim muammolariga chidamliligini oshirish bilan tuzilmani saqlab qolishga qaratilgan.
Tadqiqot mualliflarining taʼkidlashicha, Toshkentning faol rivojlanishi shaharning asosiy tizimlarini, jumladan, transport va muhandislik infratuzilmasini modernizatsiya qilishni, shuningdek, koʻkalamzorlashtirishni kengaytirishni talab qiladi.
Iqlim barqarorligini oshirish eng muhim vazifalardan biri boʻladi. Hozirda shahar hududining 85 foizi “issiqlik oroli” taʼsiri — tomlar, asfalt va boshqa suv oʻtkazmaydigan yuzalarda issiqlik toʻplanishi natijasida qizib ketish xavfi ostida qolmoqda.
Taklif etilayotgan yechimlar orasida shox-shabbali daraxtlarni ekish orqali zich koʻkalamzorlashtirish, och tusli qoplamalarni qoʻllash va ochiq tuproqni shamol taʼsirida nurashdan himoya qilish kabilar bor.


