Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Moliya

Soʻmning rasmiy ramzi qanday koʻrinishda boʻlishi eʼlon qilindi

Sarvar Jumagaldiyev tomonidan ishlab chiqilgan grafik belgi gʻolib sifatida tanlab olindi.

Foto: Kommers.uz

Milliy valyuta — “Soʻm ramzi”ni ishlab chiqish boʻyicha oʻtkazilgan tanlov natijalari sarhisob qilindi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.

Tanlov natijalariga koʻra, hayʼat tomonidan Oʻzbekiston milliy valyutasi — “soʻm”ning oʻziga xos timsolini yorqin ifoda etgan eng kreativ loyiha sifatida Sarvar Jumagaldiyev tomonidan ishlab chiqilgan grafik belgi tanlab olingan.

Tanlovning yakuniy bosqichida shifrlangan loyihalar Markaziy bank, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti hamda Intellektual mulk agentligi vakillari tomonidan baholangan.

Saralash bosqichi tanlov tashkiliy qoʻmitasi tomonidan oʻtkazildi va quyidagilarni oʻz ichiga olgan:

  • dastlabki saralash — har bir tanlov loyihasini texnik talablarga muvofiqligini koʻrib chiqish (ishlab chiqilgan elementlar boʻyicha toʻliq maʼlumotlarni va ahamiyatini aks ettiruvchi konsepsiya; 
  • imzolangan ariza; yuborilgan arizada barcha hujjatlarning ilova qilingani).

Natijada 508 ta ijodiy loyiha tanlab olingan va ularning har biriga maxfiylikni taʼminlash maqsadida individual shifr raqamlari berilgan.

Texnik ekspertiza — shifrlangan ijodiy loyihalar tanlov mezonlariga muvofiqligi boʻyicha tekshirilgan. Natijada 54 ta shifrlangan ijodiy loyihalar tanlov hakamlar hayʼatiga koʻrib chiqish uchun taqdim etilgan.

Hakamlar hayʼati aʼzolari tanlov ishlarini quyidagi mezonlarga muvofiq baholagan:

  • oʻziga xoslik (unikal) va originallik;
  • universallik;
  • oson tanib olinishi;
  • ramziy va farqli jihatlari;
  • soʻm ramzining turli formatlarda grafik qoʻllanilishining qulayligi. 

Maʼlumot uchun, Markaziy bank tomonidan Milliy valyuta “Soʻm ramzi”ni ishlab chiqish boʻyicha tanlov joriy yilning 8 fevralidan 31 martiga qadar oʻtkazildi. Joriy yilning 1 aprel holatiga milliy valyuta ramzini ishlab chiqish boʻyicha oʻtkazilgan tanlovga yuborilgan arizalarning umumiy soni 17 mingdan ortiqni tashkil etdi.