Toshkent shahrida qurilayotgan NestOne majmuasi quruvchilari maosh berilmayotgani sababli norozilik uyushtirgani haqida xabarlar tarqaldi. Tadbirkor Murod Nazarov ushbu xabarlarga javob tariqasida Instagramʻda jonli efirga chiqdi.
Tadbirkorning aytishicha, ijtimoiy tarmoqlarda “vahima koʻtarilgan”, aslida esa “hammayoq tinch”.
“Men hozir NestOneʻdaman. Ijtimoiy tarmoqlarda vahima qilib, charchatib yubordinglar. Toʻgʻrisini aytaman. Mana, jonli efirga chiqdim. Vahima qilmanglar. Osh yemaganinglar uchun (Murod Nazarov bir necha kun avval binoning 51-qavatida osh tayyorlagan edi — tahr.) alam olish unday boʻlmasin, iltimos. Hammayoq tinch. Nima keragi bor vahima qilishni? Hammasi zoʻr keptyapti. Bitta osh qilib baloga qoldim”, — deydi Murod Nazarov.
Tadbirkor osh sabab vahima koʻtarilgan haqida mutoyiba yoki haqiqatni aytgani boʻyicha aniq maʼlumot yoʻq.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda esa bir guruh quruvchilar poytaxtdagi Botir Zokirov koʻchasida toʻplanganini koʻrish mumkin.
Quruvchilar nima uchun koʻchani toʻsib qoʻygani boʻyicha hozircha batafsil maʼlumot yoʻq.


