Qashqadaryo viloyatida taniqli kinoijodkorlar, madaniyat arboblari ishtirokida madaniy-maʼrifiy tadbirlar boʻlib oʻtdi.
Shuningdek, viloyat boʻylab Oʻzbekiston Kinematografiya agentligi va Xalq taʼlimi vazirligi hamkorligida insholar tanlovi ham tashkil etildi. Kuni kecha umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari uchun “Muhabbat bahori” filmi ilk marotaba premyera qilinib, film asosida “Kino qahramonlaridan oʻrnak olamiz” mavzusida insholar tanlovining yakuniy bosqichi oʻtkazildi.
Tadbir haqida Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov batafsil maʼlumot berdi:
“Maktab oʻquvchilari oʻrtasida filmlar namoyishi va insholar tanlovini oʻtkazish tashabbusi Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga tegishli. Bugun ushbu gʻoya hayotga tatbiq etildi. Mazkur tanlov 170 mingga yaqin oʻquvchini qamrab oldi. Tanlov doirasida maktab oʻquvchilari uchun turli janrlarda ishlangan filmlar namoyish etildi. Finalgacha esa 45 nafar oʻquvchi yetib keldi. Yakuniy bosqichda oʻquvchilar uchun oʻzbek xalqining suyukli shoirlari Hamid Olimjon va Zulfiyaning hayoti, ijodi, oʻzaro muhabbati va sadoqati haqida hikoya qiluvchi filmning ilk premyerasi taqdim etildi. Ushbu tanlovni yuqori saviyada tashkil etgani uchun hamkorlarimiz – Oʻzbekiston Prezidenti adminstratsiyasi, Xalq taʼlimi vazirligiga shuningdek, Yozuvchilar uyushmasiga minnatdorchilik bildiramiz”, — deya izoh berdi Firdavs Abduxoliqov.
Qayd etilishicha, Ibrohim Rasulovning “Muhabbat bahori” filmi Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan. Film Oʻzbekiston xalq shoiri Zulfiya va jamoat arbobi, shoir Hamid Olimjon hayoti va ijodiga bagʻishlangan.
“Ushbu filmni suratga olayotganimda uni birinchi navbatda maktab oʻquvchilari koʻrishi lozimligini bilardim va bundan juda xursandman. Bu men uchun rejissyor sifatida katta sovgʻa boʻldi”, — dedi film rejissyori Ibrohim Rasulov.
Bolalar filmni tomosha qilgandan soʻng oʻz taassurotlarini insho shaklida yozib berdilar. Hakamlar hayʼati tomonidan eng yaxshilari aniqlanib, gʻoliblarga qimmatbaho sovgʻalar topshirildi. Shuningdek, tanlovda ishtirok etgan barchaga faxriy yorliq va esdalik sovgʻalari taqdim etildi.
“Oʻquvchilar oʻrtasida bunday tanlovlar koʻp oʻtkaziladi, ammo bu galgi tanlov ular uchun gʻayrioddiy va esda qolarli kechdi. Oʻzbekistonning buyuk shoirlari Hamid Olimjon va Zulfiya ijodini oʻrganish maktab oʻquv dasturiga kiritilgan va bu borada filmlar tomosha qilish, insholar yozish bolalarning dunyoqarashini kengaytirishiga ishonchimiz komil. Oʻylaymanki, bu kabi tashabbuslar taʼlim sifatiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi”, — dedi xalq taʼlimi vaziri maslahatchisi Nasiba Mamaraimova.
Tanlov finaliga qadar 45 nafar oʻquvchi yetib keldi. Ularning barchasiga “Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida” turkumiga oid kitoblar sovgʻa sifatida taqdim etildi. Barcha sovrinli oʻrinlarni qizlar qoʻlga kiritdi.
Tanlovda birinchi oʻrinni Oʻktamova Sevinch, ikkinchi oʻrinni Xushmurodova Nilufar egallagan boʻlsa, uchinchi oʻrin Yaxshiyeva Sevinchga nasib qildi. Insholar tanlovining gʻoliblariga mukofotlarni Oʻzbekiston Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosari Nodir Xolboʻtayev, Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov, xalq taʼlimi vaziri maslahatchisi Nasiba Mamaraimova va boshqalar tantanali ravishda topshirdi.
Tanlov gʻolibi, Shahrisabz tumanidagi 24-maktabning 9-sinf oʻquvchisi Sevinch Oʻktamova tadbir haqida oʻz taassurotlari bilan oʻrtoqlashdi.
“ʻKino qahramonlaridan oʻrnak olamizʻ mavzusida oʻtkazilgan insholar tanlovi bizni juda ham ilhomlantirdi. Biz koʻp filmlarni tomosha qilamiz, lekin ular haqida oʻz fikrimizni yozmaymiz. Bunday imkoniyat mazkur tanlovda taqdim etildi. Maktab oʻquvchilariga shunday ajoyib imkoniyatlar yaratib bergani uchun Prezidentimizdan juda minnatdorman. ʻMuhabbat bahoriʻ filmi menda katta taassurot qoldirdi. Tanlovda faxrli birinchi oʻrinni egallanimdan xursandman, ushbu yutuqni nafaqat oʻzimning, balki ustozlarim va ota-onamning yutugʻi deb bilaman”, — dedi Sevinch Oʻktamova.

