Oʻzbekistonda 2 kun ichida gazdan noqonuniy foydalanish boʻyicha 191 ta holat aniqlangan. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, 13-14 dekabr kunlarida Ishchi guruhlar tomonidan oʻtkazilgan nazorat tadbirlari davomida 191 ta holatda isteʼmolchilarning tabiiy gazdan noqonuniy va nooqilona foydalanish holatlariga chek qoʻyildi.
Mazkur noqonuniy faoliyatlar natijasida davlat manfatlariga yetkazilgan zarar miqdori 2,1 mlrd soʻmni va gaz hajmi 2,3 mln kub metrni tashkil etgan. Ushbu miqdordagi tabiiy gaz oʻrtacha 4 mingga yaqin hovli uylardagi xonadonlarning qish mavsumidagi bir oylik isteʼmolini tashkil qiladi.
Tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari asosan Toshkent viloyatida (504 mln soʻm), Qashqadaryoda (361 mln soʻm), Navoiyda (136 mln soʻm), Jizzaxda (123 mln soʻm), Sirdaryoda (137 mln soʻm), Xorazmda (138 mln soʻm) va Toshkent shahrida (132 mln soʻm) aniqlangan. Xususan:
- Toshkent viloyati, Zangiota tumanida fuqaro M.A. ga qarashli issiqxona xoʻjaligi 119,5 mln soʻmlik;
- Qashqadaryo viloyati, “Djoʻrayev Yuldash” xususiy tadbirkorga qarashli issiqxona xoʻjaligi 184,0 mln soʻmlik;
- Qarshi tumanida fuqaro Sh.N. ga qarashli xususiy parrandachilik binosi 121 mln soʻmlik tabiiy gaz noqonuniy ravishda foydalanilgan.


