Oʻzbekistonda goʻshtni qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilish muddati uzaytirildi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali xabar bermoqda.
Qonun bilan Soliq kodeksiga kiritilgan oʻzgartishlarga koʻra, Oʻzbekistonga oʻsimlik yogʻi, kungaboqar va zigʻir urugʻi, soya danagini olib kirish, shuningdek oʻsimlik yogʻini ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish boʻyicha aylanma qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilish muddati 2022 yil 31 dekabrgacha uzaytirildi. Ilgari 2022 yil 30 aprelgacha edi.
Goʻshtni (mol goʻshtini, qoʻy goʻshtini), tirik hayvonlarni (molni va qoʻyni) va ularni soʻyishdan olingan mahsulotlarni, kartoshkani realizatsiya qilish boʻyicha aylanma, shuningdek ularni Oʻzbekistonga olib kirishda qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilish muddati 2022 yil 31 dekabrgacha uzaytirildi.
Tovuq goʻshti, muzlatilgan baliq va tirik parrandalarga qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha imtiyoz 2022 yil 30 aprelgacha etib oʻzgartirishsiz qoldirildi.
Taʼkidlanishicha, 2022 yil 1 yanvardan 2031 yil 1 yanvargacha Moʻynoq tumanidagi mahalliy sanoat, qishloq xoʻjaligi va xizmatlar sohalaridagi tadbirkorlar:
- foyda, aylanmadan olinadigan, ijtimoiy va daromad soligʻini 1 foizda toʻlaydi;
- yuridik shaxslarning mol-mulk, yer va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqlari 1 foizda toʻlaydi.
Boʻyalgan matoni, boʻyalgan gazlamani va tayyor tikuv-trikotaj mahsulotini eksport qiluvchi tadbirkorlar 2022 yil 1 fevraldan 2025 yil 1 yanvargacha ijtimoiy soliqni 1 foiz toʻlaydi.
Avvalroq parranda goʻshti uchun subsidiya miqdori oshirildi. “Parrandachilik tarmogʻini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilingandi.
Qarorga koʻra, 2022 yil 1 yanvardan 2024 yil 1 yanvargacha QQS toʻlovchisi boʻlgan parrandachilik xoʻjaliklariga — oʻz xoʻjaliklarida yetishtirilib, sotilgan parranda goʻshtining har bir kilogrami uchun subsidiya miqdori 2500 soʻm etib belgilangan.


