Polsha Yevropa Ittifoqi rasmiylarini bosqindan soʻng Ukrainani tiklash uchun sanksiyaga uchragan rossiyalik “oligarxlar”ning aktivlari va Rossiya bankining muzlatilgan zaxiralarini musodara qilishga ruxsat berishga chaqirdi. Bu haqda Financial Times nashriga Polsha tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Pavel Yablonskiy maʼlum qildi.
“Biz siyosiy qaror qabul qilinishi kerak, deb hisoblaymiz va bu yoʻnalishda harakat qilmoqchimiz. Aktivlarni abadiy musodara qilishga tayyormiz”, — dedi u.
Nashrning yozishicha, taklif Yevrokomissiya tomonidan yaqindan oʻrganilmoqda, biroq Yevropa Ittifoqining ayrim rasmiylari jinoiy jarayondan tashqari aktivlarni musodara qilish yoʻlidagi jiddiy qonuniy toʻsiqlar haqida ogohlantirmoqda.
Advokatlarning qayd etishicha, musodara qilish tartibini soddalashtirish xavfli pretsedent hosil qiladi va mulk huquqini xavf ostiga qoʻyadi.
“Hamma tushunadiki, agar rasmiylar muzlatilgan aktivlarni ixtiyoriy ravishda musodara qila boshlasa, bu silliqdir, ammo oligarxlar va Rossiya Markaziy bankining aktivlari gumanitar yordam hamda Ukrainani tiklash uchun ishlatilishi mumkinligi aniq”, — dedi Gudzon instituti tadqiqotchisi Neyt Sibli nashrga bergan intervyusida.
Yevropa Komissiyasi vakilining aytishicha, Yevropa Ittifoqining sanksiyalari aktivlarni muzlatish uchun qonuniy asos boʻlib xizmat qiladi, biroq ularni musodara qilish uchun asos boʻlmaydi.
Shu bilan birga, rasmiylar bunday aktivlar “tegishli milliy jinoiy qonunchilik standartlariga javob bersa, muzlatish va musodara qilinishi mumkin” yoki yoʻqligini muhokama qilmoqda.
Avvalroq Fransiya Rossiya Markaziy bankining 22 milliard yevrolik mablagʻlarini, shuningdek, sanksiyalar ostida qolgan jismoniy shaxslarning hisoblaridagi 150 milliard yevroga yaqin pulni muzlatib qoʻygandi.
Shuningdek, Shveysariya hukumati ham Gʻarb sanksiyalariga uchragan rossiyaliklar va Rossiya kompaniyalarning umumiy qiymati 5,75 milliard frank (6,17 milliard dollar) miqdoridagi mulkini muzlatib qoʻydi.


