Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Biznes

Oʻzbekistonda jismoniy shaxslar toʻlov hujjatlariga STIR oʻrniga JSHSHIR kiritishi belgilandi

Mijozlarning toʻlov hujjatlarini rasmiylashtirishga qoʻyiladigan talablarga doir qonunchilikka oʻzgartirishlar kiritilgan.

Foto: “mfc-satka.ru”

Oʻzbekistonda 9 apreldan boshlab jismoniy shaxslar toʻlov hujjatlariga STIR oʻrniga JSHSHIRni kiritadi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, mijozlar tomonidan banklarga taqdim etiladigan toʻlov hujjatlarini rasmiylashtirishga qoʻyiladigan talablarga doir normativ-huquqiy hujjatlarga tegishli oʻzgartirishlar kiritilgan.

Ushbu oʻzgartirishlar 2022 yilning 9 apreliga qadar bosqichma-bosqich, undan soʻng toʻliq tatbiq etilishi rejalashtirilgan.

Mazkur oʻzgartirishlar amaliyotga joriy qilingandan keyin barcha toʻlov hujjatlarida toʻlovchi — jismoniy shaxslarning STIRi (soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami) oʻrniga, toʻlov hujjatining “toʻlovchining identifikatsiya raqami” deb nomlangan rekvizitida ularning JSHSHIRi (jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami) koʻrsatilishi majburiy hisoblanadi.

Shu munosabat bilan, tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslar (shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlar) toʻlovni amalga oshirish maqsadida toʻlov hujjatlarini rasmiylashtirayotganda oʻzlarining JSHSHIRlari toʻgʻri va toʻliq kiritishlari zarur.

Shuningdek, barcha xoʻjalik yurituvchi subyektlar ham toʻlov talabnomalari va inkasso topshiriqnomalarini rasmiylashtirishda kontragentlar — jismoniy shaxslarning JSHSHIRlari toʻgʻri kiritilayotganiga eʼtiborli boʻlishlari soʻraladi.

Avvalroq Oʻzbekistonda OCTAGRAM toʻlov tashkiloti faoliyatiga ruxsat berilgani xabar qilingandi. Shuningdek, Oʻzbekiston tumanlaridagi YATTlarga ijtimoiy soliq toʻlashda imtiyoz belgilangani haqida xabar berildi.