Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarni ijaraga berishda hokim qarori talab qilinmaydi. Bu haqda “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibini soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident farmonida soʻz boradi.
Farmonga koʻra, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarni ijaraga berish boʻyicha ochiq elektron tanlov natijalarini Qoraqalpogʻiston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarori bilan tasdiqlash tartibi bekor qilindi.
Ilgari ijara shartnomasi tuzilmasdan avval hokim qarori qabul qilinishi kerak edi.
Shuningdek, dehqon xoʻjaligi yuritish uchun yer uchastkalarini ochiq elektron tanlov orqali ijaraga berishda 2022 yil 1 martdan keyin xorijdan qaytib kelgan mehnat migrantlariga alohida ustuvorlik berilishi belgilandi.


