Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Moliya

“Asosiy stavkaning oshirilishi yuzaga kelayotgan qisqa muddatli shoklarni yumshatishga qaratilgan” — Markaziy bank

Oʻzbekiston Markaziy banki asosiy stavkani yillik 14 foizdan 17 foizga oshirgandi.

Foto: Sputnik

Avvalroq Oʻzbekiston Markaziy banki asosiy stavkani yillik 14 foizdan 17 foizga oshirgani haqida xabar berilgandi. Bank asosiy stavkaning oshirilishi yuzaga kelayotgan qisqa muddatli salbiy taʼsirlarni (shoklarni) yumshatishga qaratilganini maʼlum qildi.

Tashqi iqtisodiy sharoitlarda yuzaga kelgan yuqori noaniqlik va keskinliklar fonida devalvatsion va inflyatsion kutilmalar oʻsishining oldini olish, milliy valyutada jamgʻarish faolligini saqlab qolish hamda tashqi xatarlarning iqtisodiyotga oʻtuvchi taʼsirini yumshatish orqali mamlakatda makroiqtisodiy va moliyaviy barqarorlikni  taʼminlash maqsadida Markaziy bankning asosiy stavkasi yillik 17 foizga oshirilgan.

Qayd etilishicha, milliy valyuta kursi dinamikasida tashqi xatarlar va devalvatsion bosimlar taʼsirlariga javoban toʻgʻrilanish kuzatilib, 2021 yil boshidan soʻmning AQSH dollariga nisbatan kursi 6,8 foizga qadrsizlandi.

Regulyatorga koʻra, kelgusida bozorda barqarorlikni taʼminlash maqsadida tegishli invervensiyalar amalga oshirilib, milliy valyuta kursining keskin tebranishlarining oldini olish choralari koʻriladi. Asosiy stavkaning oshirilishi ham yuzaga kelayotgan qisqa muddatli salbiy taʼsirlarni (shoklarni) yumshatishga qaratilgan.

Shuningdek, asosiy stavkani oshirish va valyuta bozorini barqarorlashtirish boʻyicha kurilayotgan javob choralari kelgusida inflyatsion kutilmalarni jilovlash va aholining milliy valyutadagi daromadlari xarid qobilyatini saqlab qolishga ham xizmat qiladi.

“Yuzaga kelgan vaziyatni inobatga olib, Markaziy bank almashuv kursining keskin tebranishlarining oldini olish va bozorning barqaror faoliyatini taʼminlash maqsadida joriy yil mart oyining birinchi yarmida ʻneytrallik tamoyillariʻ doirasida ichki valyuta bozorida intervensiyalar hajmini oshirdi”, deyiladi xabarda.

Taʼkidlanishicha, mazkur intervensiyalar 2021 yilda valyuta bozoridagi ijobiy sharoitlar natijasida yuzaga kelgan qoʻshimcha zaxiralar hisobidan amalga oshirilmoqda.

Markaziy bank tomonidan makroiqtisodiy rivojlanish prognozi tashqi iqtisodiy vaziyatni inobatga olib qayta koʻrib chiqilmoqda. Bunda, inflyatsion va devalvatsion kutilmalarning pasayishi, ichki makroiqtisodiy sharoitlarga tashqi bosimlarning pasayishi bilan asosiy stavka darajasi bosqichma-bosqich pasaytirib boriladi.