Germaniya kuzgacha Rossiya koʻmiridan, 2022 yil oxiriga kelib esa Rossiya neftidan deyarli mustaqil boʻlishni niyat qilmoqda. Bu haqda Germaniya iqtisodiyot vaziri Robert Xabek maʼlum qildi.
Xabekning aytishicha, Rossiya gazidan voz kechish qiyinroq boʻladi, chunki Germaniyaning suyultirilgan gazni import qilish uchun oʻz imkoniyatlari yoʻq. Yevropa davlatlari Rossiyaning 24 fevralda boshlangan Ukrainaga hujumiga javoban sanksiyalar doirasida Rossiya energiya tashuvchilarini rad etishni muhokama qila boshlagandi.
Vazirning soʻzlariga koʻra, Germaniya hukumatining rejalari Rossiyadan energiya importidan butunlay voz kechishdan iborat. Xabek Putinning shafqatsiz tajovuzkor urushi tufayli zudlik bilan embargo qoʻyishga chaqirayotgan har bir kishini tushunishini taʼkidladi, biroq u butun mamlakat uchun masʼul ekanini qayd etdi. Shuningdek, vazir qabul qilingan qarorlarning oqibatlarini hisobga olishi kerak.
“Gap bir oz shaxsiy qulaylikni qurbon qilish haqida emas, balki jiddiy iqtisodiy va ijtimoiy qisqartirishlar haqida ketmoqda. Importning zudlik bilan taqiqlanishi kelgusi qishda yetkazib berishning qisqarishi, iqtisodiy tanazzul va yuqori inflyatsiyaga sabab boʻladi, yuz minglab odamlar ishini yoʻqotadi. Sanksiyalar shunday boʻlishi kerakki, biz ularga chiday olishimiz kerak. Lekin biz har kuni, haqiqatan ham har kuni va baʼzan tunda ham Rossiya nefti, koʻmiri va gaziga qaramlikni kamaytirish ustida ishlayapmiz”, — dedi Robert Xabek.
Avvalroq Germaniya “Shimoliy oqim-2”ni sertifikatlashni toʻxtatgani xabar qilingandi. Shuningdek, AQSH Kongressining Vakillar palatasi Rossiya neftini taqiqlashni maʼqullagani haqida xabar berildi.


