Polsha 2022 yil oxirigacha Rossiya neftini import qilishni toʻxtatmoqchi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Mateush Moraveski maʼlum qildi.
“Biz shu yil oxirigacha Rossiya neftidan foydalanishni toʻxtatish uchun qoʻlimizdan kelganini qilamiz”, — dedi Moraveski 30 mart kuni boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida.
Neft importini toʻxtatish qarori Rossiya energetikasidan, jumladan koʻmirdan butunlay voz kechish istagining bir qismi sifatida qabul qilindi. Moraveski, Polsha may oyi oxirigacha undan voz kechishi mumkinligiga ishonadi. Uning taʼkidlashicha, Gʻarbga koʻmir sotishdan tushgan daromad evaziga Rossiya “oʻzining harbiy arsenalini toʻpladi”.
Qayd etilishicha, Polsha oʻz energiyasining qariyb 70 foizini koʻmirdan oladi, uning asosiy qismi mahalliy ishlab chiqarishda qazib olinadi. Lekin mamlakat hamon Rossiyadan katta hajmda gaz sotib oladi. “Gazprom” bilan uzoq muddatli shartnoma 2022 yil tugaydi va Polsha Norvegiyadan gaz olish uchun Boltiqboʻyi suyultirilgan gaz terminalidan foydalanishi mumkin.
“Bugun biz qimmat rus gazini Norvegiyaning juda qimmat gaziga almashtirishni xohlaymizmi, degan savol tugʻiladi”, — dedi bosh vazir ayni damda Polsha buni qilishi kerakligini qoʻshimcha qilgan holda.
Uzoq muddatli istiqbolda Varshava Norvegiya gazidan voz kechishni va boshqa mamlakatlardan qimmat xomashyo sotib olmaslikni rejalashtirmoqda.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 23 mart kuni Yevropaga gaz yetkazib berish uchun toʻlovlarni “doʻstona boʻlmagan davlatlar” uchun rublga oʻtkazishni talab qildi — unga AQSH, Yevropa Ittifoqi davlatlari, shuningdek, Germaniya, Yaponiya, Kanada, Mikroneziya, Yangi Zelandiya, Janubiy Koreya, Singapur, Tayvan va Ukraina hamda ayrim Yevropa davlatlari (Albaniya, Andorra, Buyuk Britaniya, Islandiya, Lixtenshteyn, Monako, Norvegiya, San-Marino, Shimoliy Makedoniya, Chernogoriya va Shveysariya) kiradi.
Italiya bosh vaziri Mario Dragi Putinning talabini “kelishuv shartlarini buzish” deb atadi, Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen esa Rossiya rasmiylari shu yoʻl bilan Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini chetlab oʻtishga urinayotganini aytdi.
Putinning talabi Yevropada gaz narxining oshishiga olib keldi. Britaniyaning BFY Groupʻning maʼlum qilishicha, YEI kelasi qishgacha gaz omborlarini toʻldirish uchun 68 milliard dollardan koʻproq pul toʻlashi kerak.
Avvalroq Qatar energetika vaziri Rossiya gazining oʻrnini bosish imkoni hozircha yoʻqligini aytgani xabar qilingandi. Shuningdek, Germaniyaning eng yirik energetika kompaniyasi Rossiyadan gaz sotib olishni toʻxtatgani haqida xabar berildi.


