Toshkentdan Rossiyaning Yekaterinburg shahriga qoʻshimcha aviaqatnovlar amalga oshiriladi. Bu haqda Uzbekistan Airways matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, 2022 yil 13 va 20 martda Uzbekistan Airways aviakompaniyasi tomonidan Toshkent–Yekaterinburg–Toshkent yoʻnalishi boʻyicha qoʻshimcha aviaqatnovlar amalga oshiriladi.
Qayd etilishicha, parvozlar quyidagi jadvalga asosan amalga oshiriladi:
- Toshkentdan uchish: 19:00 (Toshkent vaqti bilan);
- Yekaterinburgga yetib borish: 22:00 (Yekaterinburg vaqti bilan);
- Yekaterinburgdan uchish: 23:40 (Yekaterinburg vaqti bilan);
- Toshkentga yetib borish: 02:30 (Toshkent vaqti bilan).
Toshkent–Yekaterinburg yoʻnalishi boʻyicha aviachipta narxi 2 million 593 ming 810 soʻmdan (bagajsiz) va 2 million 966 ming 363 soʻmdan (bagaj bilan); Yekaterinburg–Toshkent yoʻnalishi boʻyicha esa 25 ming 429 rubldan (bagajsiz) va 29 ming 409 rubldan (bagaj bilan) boshlanadi. Narxlar 5 mart holatiga koʻra amal qiladi.
Avvalroq Toshkentdan Rossiyaning yana bir shahriga qoʻshimcha aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyilishi xabar qilingandi. Shuningdek, Rossiyaning “Aeroflot” kompaniyasi barcha xalqaro reyslarni vaqtincha toʻxtatishi haqida xabar berildi.


