Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Biznes

AQSH Rossiyani SWIFTʻdan uzib qoʻyish masalasini qayta koʻrib chiqmoqda — Bloomberg

Bundan avval rasmiy Vashington Rossiyani xalqaro toʻlov tizimidan uzib qoʻymaslikka qaror qilgandi.

Foto: Reuters

AQSH rasmiylari Rossiya Ukrainada harbiy operatsiya boshlaganidan keyin uni SWIFT banklararo maʼlumot almashish tizimidan uzib qoʻyish masalasini koʻrib chiqmoqda. Bu haqda Amerikaning Bloomberg nashri oʻz manbalarga tayanib xabar berdi.

Qayd etilishicha, rasmiy Vashington bunday imkoniyatni jiddiy koʻrib chiqmoqda, chunki Yevropa Ittifoqi rasmiylari Rossiyani SWIFTʻdan uzib qoʻyishni istisno qilmayapti. AQSH Prezidenti Jo Bayden maʼmuriyati rasmiylari bu borada yevropaliklar bilan hamkorlikni muhokama qilmoqda.

Agentlikning ikki manbasi taʼkidlashicha, Rossiyani SWIFTʻdan uzish rejalari tizimni nazorat qiluvchi organ sifatida faoliyat yurituvchi Federal rezerv bilan muhokama qilinmoqda. Boshqa bir suhbatdoshga koʻra, Yevrokomissiya bilan bu mavzu boʻyicha muzokaralar allaqachon boshlangan. Hozircha bu masala boʻyicha yakuniy qaror yoʻq.

Bir necha kun oldin Rossiyani SWIFTʻdan uzish gʻoyasi ehtimoldan yiroq edi. Chunki 18 fevral kuni Oq uy Rossiya Ukrainaga bostirib kirgan taqdirda AQSH sanksiyalari toʻplamiga SWIFTʻdan uzish cheklovi kiritilmasligini maʼlum qilgandi.

Rossiya Donesk va Lugansk xalq respublikalari mustaqilligini tan olganidan keyin Jo Bayden unga qarshi sanksiyalarni eʼlon qilar ekan, cheklovlar SWIFT tizimidan uzilishdan koʻra yomonroq oqibatlarga olib kelishini aytgandi.

SWIFTʻdan uzish chorasi Rossiyaning Ukrainadagi harbiy operatsiyasi boshlanganidan keyin eʼlon qilingan AQSH moliyaviy-iqtisodiy sanksiyalarining ikkinchi qismiga ham kiritilmagandi. Baydenning aytishicha, oʻsha paytda Yevropadagi baʼzi ittifoqchilar uning Rossiyaga qoʻllanilishiga qarshi boʻlgan, ammo endi Vashington va Bryussel bu masalaga qaytishi mumkin.

Avvalroq Rossiyaning sanksiyaga uchragan bank kartalari Apple Pay va Google Payʻda ishlamasligi xabar qilingandi.