Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Iqtisodiyot va moliya

“Risklar karrasiga ortadi” — Iqtisodchi Rossiyaning SWIFTʻdan uzilishi Oʻzbekistonga qanday taʼsir qilishi haqida

Bakirovning soʻzlariga koʻra, SWIFT xalqaro pul oʻtkazmalari narxini minimumda ushlab turish imkonini beradi.

Foto: YouTube / Ular

Iqtisodchilar Qurbonov va Otabek Bakirov Ukrainadagi harbiy operatsiyalar ortidan Rossiya xalqaro SWIFT tizimidan uzib qoʻyilishi Oʻzbekistonga qanday taʼsir qilishi haqidagi fikrlari bilan boʻlishdi.

Qurbonovning qayd etishicha, SWIFTʻdan uzilish Rossiya banklari xalqaro toʻlovlarga, ular hatto rublda boʻlsa ham, xizmat koʻrsata olmasligini anglatadi.

Uning maʼlum qilishicha, Rossiya Banki ancha oldin muqobil tizim yaratish ustida ishlay boshlagan va hatto moliyaviy xabarlarni uzatish tizimini (SPFS) yaratgan. Bu 2014 yilda sodir boʻlgandi. Bugungi kunga qadar 331 ta bank ushbu tizimga ulangan.

Qurbonovning soʻzlariga koʻra, albatta, SWIFT toʻlaligicha SPFSning oʻrnini bosa olmaydi. Lekin birinchidan, bu tashqi tizimlarga bogʻliq boʻlmagan holda mamlakat ichida toʻlovlarni amalga oshirish imkonini beradi. Ikkinchidan, bir qator xorijiy mamlakatlar — Belarus, Qirgʻiziston, Tojikiston, Kuba banklari allaqachon SPFSga ulangan.

“Oʻzbekistonga keladigan boʻlsak, bizning banklarimiz ishtirokchilar roʻyxatida yoʻq, lekin bunday hamkorlik imkon qadar tezroq davlat banklaridan biri orqali yoki ʻAziya Investʻ banki ishtirokida tashkil etilsa, hayron boʻlmayman”, — deydi iqtisodchi.

Rossiyaning SWIFTʻdan uzilishi baholab boʻlmaydigan muammolar yaratadi, deb hisoblaydi Otabek Bakirov.

“Bu boʻyicha qarshilik bildirayotgan soʻnggi davlatlar — Germaniya va Italiya roziliklari olib boʻlingan. Agressorga imkon qadar koʻproq ziyon berish uchun bu haqda kelasi haftaning ilk ish kuni va fevralning oxirgi kunida eʼlon qilinishi mumkin”, — deb yozadi Bakirov.

Uning fikricha, albatta, SWIFTʻga nisbatan muqobil vositalar mavjud. Oʻtgan asr texnologiyasi boʻlgan Teletaypdan tortib SPFS platformasigacha variantlar ishga tushishi mumkin. Lekin tranzaksion xarajatlar karrasiga yuqori boʻladi.

“Rossiya bilan Oʻzbekiston oʻrtasida yiliga 10–12 milliard dollarlik tranzaksiyalar amalga oshiriladi. Ularning 99 foizi dollarda yuz beradi”, — deya taʼkidlaydi Bakirov.

Uning soʻzlariga koʻra, SWIFT yaratadigan afzalliklardan biri shundaki, u xalqaro pul oʻtkazmalari, depozit operatsiyalari narxini hozirgi darajadagi minimumda ushlab turish imkonini beradi.

“Afsuski, masalan, teletayp orqali moliyaviy axborot almashinishda bunday emas. Qolaversa, axborot almashinishda, identifikatsiyalash va moliyaviy muttahamlik bilan bogʻliq risklar karrasiga ortadi”, — deydi iqtisodchi.

Avvalroq AQSH Rossiyani SWIFTʻdan uzib qoʻyish masalasini qayta koʻrib chiqayotgani xabar qilingandi. Shuningdek, Ukrainadagi barcha Oʻzbekiston korxonalari faoliyatini toʻxtatgani haqida xabar berildi.