Rossiyaning sanksiyalarga uchragan qator banklarining kartalari Apple Pay va Google Pay xizmatlari bilan ishlamaydi. Bu haqda Rossiya Markaziy bankining xabarida maʼlum qilindi.
Qayd etilishicha, sanksiyalar ostida qolgan Rossiya banklarining kartalari Apple Pay va Google Pay xizmatlari bilan ishlamaydi. Gap “VTB”, “Sovcombank”, “Novikombank”, “Promsvyazbank” va “Otkritiye” banklarining kartalari haqida ketmoqda.
Bundan tashqari, sanksiyalarni qoʻllab-quvvatlovchi mamlakatlarda roʻyxatdan oʻtgan onlayn-doʻkonlar va xizmat agregatorlarida ham ushbu banklar kartalari bilan toʻlash imkoniyati boʻlmaydi.
Avvalroq HamkorBank sanksiya ostida qolgan “Sberbank” bilan oʻtkazmalarni toʻxtatgani xabar qilingandi. Shuningdek, Apple Rossiya banklarining ilovalarini bloklashni boshlagani haqida xabar berildi.


