Asosiy mazmunga oʻtish
Jonli maʼlumot 19avgust · Chorshanba
USD 11 820,40 ▼ −36,95 EUR 13 684,48 ▼ −61,75 RUB 139,05 ▼ −0,27 GBP 15 990,64 ▼ −84,37
Maʼlumot: Markaziy bank
Moliya

Oʻzbekiston ikkilamchi sanksiyaga tushish masalasiga juda ham jiddiy qaraydi — Markaziy bank raisi

Timur Ishmetovga koʻra, har qanday sanksiya qoʻllangandan keyin odatda boshqa uchinchi davlatlarga taʼsir qilmaydigan sharoit yaratish boʻyicha doim muzokaralar oʻtkaziladi.

Bugun, 24 oktyabr kuni Markaziy bankda boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida Markaziy bank raisi AQSH Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi tomonidan (OFAC) Rossiyaning “Lukoyl” va “Rosneft” kompaniyalariga qarshi kiritilgan sanksiyalarning Oʻzbekistonga taʼsiri haqida toʻxtalib oʻtdi.

Har qanday sanksiya qoʻllangandan keyin odatda boshqa uchinchi davlatlarga taʼsir qilmaydigan sharoit yaratish boʻyicha doim muzokaralar oʻtkaziladi. Men aminmanki, xuddi shunday amalga oshiriladi va umid qilamizki, yuqori taʼsiri boʻlmasligi kerak, dedi Timur Ishmetov.

​Markaziy bank raisining alohida taʼkidlashicha, Oʻzbekiston tomoni ikkilamchi sanksiyaga tushish masalasiga juda ham jiddiy qaraydi.

Banklarimiz amaliyotlarida aynan shu sanksiyadagi tovarlar, tashkilotlar hamda banklar bilan ishlamaslik boʻyicha qatʼiy pozitsiyamizni aytganmiz, aytib kelganmiz. Buni biz qatʼiy nazorat qilamiz. Oʻylaymanki, aynan shunday ishlashimiz hozirgi paytda bizning banklar bironta sanksiyaga tushmasligiga olib keldi. Biz bu yoʻnalishda qatʼiylikni davom ettiramiz, dedi u.

​Avvalroq Timur Ishmetov Oʻzbekiston banklari Rossiya bilan bogʻliq sanksiyaga uchrashi ehtimoli haqida “xavotir yoʻq”ligini aytgan edi.

Maʼlumot uchun, AQSH Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) Rossiyaning “Lukoyl” va “Rosneft” kompaniyalariga qarshi sanksiyalar kiritdi. Cheklovlar urushni yakunlash uchun “Rossiyaning tinchlik jarayoniga jiddiy qiziqishi yoʻqligi” sabab joriy etilgan. Sanksiyalar “Lukoyl” va “Rosneft” kompaniyalarining Rossiya hududidagi shoʻba korxonalariga ham tatbiq etilgan. Umuman olganda, roʻyxatda 34 ta shoʻba korxona bor: ularning 28 tasi “Rosneft”ga, 6 tasi esa “Lukoyl”ga tegishlidir.