Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Biznes

Davlat qimmatli qogʻozlarini norezidentlar tomonidan sotib olinishi uchun huquqiy asos yaratildi

Qimmatli qogʻozlar bozoriga dilerlik tushunchalari kiritilmoqda.

Foto: “advokatvolobuev.ru”

Davlat qimmatli qogʻozlarini Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari va norezidentlari sotib olishi mumkinligi belgilanmoqda. Moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Oʻzbekiston Prezidentining 2021 yil 13 apreldagi PF-6207-son “Kapital bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 21 fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasining davlat gʻaznachilik majburiyatlari va obligatsiyalarini muomalaga chiqarishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018 yil 14 dekabrdagi 1016-son qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi toʻgʻrisidagi 82-sonli Qarori tasdiqlandi.

Ushbu qarorga muvofiq, davlat qimmatli qogʻozlarini (keyingi oʻrinlarda — DQQ) Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari (shu jumladan, jismoniy shaxslar) va norezidentlari sotib olishi mumkinligi belgilanmoqda. Shu vaqtga qadar, DQQni jismoniy shaxslar va norezidentlar oʻrtasida joylashtirilishi nazarda tutilmagan edi.

Qayd etish kerakki, Moliya vazirligi tomonidan davlat qarzi portfelini diversifikatsiyalash va valyuta xatarlarini pasaytirish maqsadida DQQ chiqarish hajmini oshirish va ikkilamchi bozorni rivojlantirish choralari koʻrilmoqda.

Maʼlumot uchun, Moliya vazirligi tomonidan 2018 yilda 3 ta auksionda 597,1 milliard soʻm, 2019 yilda 15 ta auksionda 1 550 milliard soʻm, 2020 yilda 22 ta auksionda 5 024 milliard soʻm va 2021 yilda 64 ta auksionda 4 866,3 milliard soʻm (sof 4 144,4 milliard soʻm) Davlat qimmatli qogʻozlari joylashtirildi.

Oʻzbekiston Respublikasining “2022 yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Qonunida 2022 yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi nomidan chiqariladigan davlat qimmatli qogʻozlarining cheklangan sof hajmi 6,0 trillion soʻm miqdorida belgilandi.

DQQ bozorini rivojlantirish chora-tadbirlari doirasida 2021 yilda ilk marotaba 5 yillik DQQ (100 milliard soʻm hajmda 14 foiz yillik kupon toʻlovi bilan) va 2022 yilda 10 yillik DQQ (10 milliard soʻm hajmda 15 foiz yillik kupon toʻlovi bilan) muomalaga chiqarildi.

DQQ chiqarish grafigini oldindan eʼlon qilish amaliyoti joriy etildi va shu grafikka asosan auksionlar har hafta seshanba kunining birinchi yarmida oʻtkazib kelinmoqda.

Shu bilan birga, mazkur qarorga muvofiq:

  • DQQ bozorida diler funksiyalarini bajarish uchun birlamchi va ikkilamchi dilerlik tushunchalari kiritilmoqda;
  • inflyatsiyaga bogʻlangan DQQni chiqarish imkoniyati yaratilmoqda.

Shuningdek, daromadlilik va foizlarni hisoblashda Xalqaro kapital bozorlari xalqaro assotsiatsiyasi (ICMA) tomonidan qoʻllaniladigan formulalardan foydalanish mumkinligi belgilanmoqda hamda auksion natijalari boʻyicha hisob-kitoblar T+0, T+1 va T+2 xalqaro standartlari asosida amalga oshirilishi belgilab berilmoqda.

Bundan tashqari, xalqaro identifikatsiya kodlarini (ISIN) berish orqali DQQni chiqarish imkoniyati yaratilmoqda hamda DQQ boʻyicha foiz toʻlovlarini toʻlash xalqaro standartlarga mos har olti oyda amalga oshirilishi belgilanmoqda.

DQQ bozoridagi operatsiyalar toʻgʻrisidagi axborotlar (auksion oʻtkazish boʻyicha eʼlonlar, auksion natijalari va investorlar uchun zaruriy maʼlumotlar) muntazam ravishda Moliya vazirligi, Markaziy bank va OʻzRVBning rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilinishi belgilab qoʻyilmoqda.

Kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar DQQ bozorini xalqaro standartlarga moslashtirib, uni samarali boshqarish hamda xalqaro investorlarni ichki moliya bozoriga jalb qilishga xizmat qiladi.