“Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” ochiq savdolarida 14–20 fevral kunlari jami 2 trillion 259,1 milliard soʻmlik tovar resurslari sotildi. Bu haqda birja matbuot xizmati xabar berdi.
Sotuvchi korxonalar mahsulotlarni tasdiqlangan jadvallarga rioya qilgan holda birja savdolariga qoʻygan. Oʻtgan haftada birja savdolarida 1308,0 tonna paxta yogʻi sotilgan. Oʻtkazilgan savdolarda har kuni oʻrtacha 54 xaridor ishtirok etgan. Oʻrtacha kunlik sotuv hajmlari 262,0 tonnani tashkil qilgan.
Koʻrib chiqilayotgan davrda barcha navli paxta yogʻining kunlik oʻrtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 16 million 145,4 ming soʻmdan 15 million 20,5 ming soʻmgacha, yaʼni 7,0 foizga pasaygan.
Shuningdek, oʻtgan hafta mobaynida birja savdolarida 118 ming 615,0 tonna sement sotilgan. Oʻrtacha kunlik sotuv hajmlari 23,7 ming tonnani tashkil qilgan.
Koʻrib chiqilayotgan davrda sementning barcha markalari boʻyicha shakllangan kunlik oʻrtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 571,6 ming soʻmdan 566,3 ming soʻmgacha pasaygan. Oʻtkazilgan savdolarda har kuni oʻrtacha 307 xaridor ishtirok etgan.
Bundan tashqari, oʻtgan hafta mobaynida birja savdolariga 2267,0 tonna polietilen qoʻyilgan va ulardan barcha hajmi sotilgan. Polietilenning oʻrtacha kunlik sotuv hajmlari 453,0 tonnani tashkil qilgan.
Koʻrib chiqilayotgan davrda polietilenning barcha markalari boʻyicha shakllangan kunlik oʻrtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 19 million 363,5 ming soʻmdan 18 million 71,4 ming soʻmgacha, yaʼni 6,7 foizga pasaygan. Oʻtkazilgan savdolarda har kuni oʻrtacha 62 xaridor ishtirok etgan.
Avvalroq Oʻzbekiston 2021 yil eng koʻp sement import qilgan 10 ta davlat haqida xabar berilgandi. Shuningdek, Oʻzbekistonda urugʻlik chigit va don tayyorlash sexlariga 26,5 million dollar ajratilishi xabar qilindi.


