Comex birjasida 17 fevral kuni oltin narxi 1,4 foizga oshib, bir unsiya uchun 1900 dollarni tashkil qildi. Bu 2021 yilning iyun oyidan beri kuzatilgan eng yuqori koʻrsatkichdir. Bu haqda MarketWatch xabar berdi.
Qayd etilishicha, aprel oyidagi oltin fyucherslari 1,4 foizga oshib, bir unsiya uchun 1898 dollarni tashkil qilgan. Comex birjasidagi savdolar davomida esa kotirovkalar unsiya uchun 1900 dollardan oshgan.
Tahlilchilar oltin narxining koʻtarilishini Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi navbatdagi keskinlik va qurolli mojaro boshlanish xavfi bilan izohlaydi. Bu keskinlikning oshishi mudofaa aktivlariga, jumladan qimmatbaho metallarga boʻlgan talabni oshiradi.
Oʻz navbatida, Donesk va Lugansk tan olinmagan respublikalari rasmiylari Ukrainani oʻt ochishni toʻxtatish kelishuvini buzgan holda oʻq uzganlikda ayblagan.
Shu bilan birga, Oq uy razvedka maʼlumotlariga tayanib Rossiya Ukraina bilan chegaradan oʻz qoʻshinlarini olib chiqmayotganini, aksincha, oʻz harbiy kontingentini oshirayotganini maʼlum qilgan.
Avvalroq Oʻzbekiston dekabr oyida eng koʻp oltin sotib olgan davlatlar qatoriga kirgani xabar qilingandi.


