Dunyo boʻyicha milliarderlar boyligi 2025 yil davomida 2,5 trillion AQSH dollariga oshdi va yangi rekord koʻrsatkichga yetdi, deb xabar qiladi Oxfam xayriya tashkilotlari birlashmasi 19 yanvar, dushanba kuni eʼlon qilingan yillik hisobotida. Hujjat Shveysariyaning Davos shahrida oʻtadigan Jahon iqtisodiy forumi (JIF) boshlanishiga bagʻishlab tayyorlangan.
Tashkilot hisob-kitoblariga koʻra, milliarderlarning jami boyligi 2020 yil mart oyidan beri 81 foizga oʻsib, tarixiy maksimum — 18,3 trillion dollarga (15,8 trln yevro) yetgan. Oxfam taʼkidlashicha, sayyoradagi eng boy inson — Ilon Mask toʻrt soniyada dunyo boʻyicha oʻrtacha yillik daromadga teng summa ishlab topadi.
Shu bilan birga, hisobotga koʻra, insoniyatning qariyb yarmi qashshoqlikda yashaydi. Jahon boyligining atigi 0,52 foizi qashshoq aholi ulushiga toʻgʻri keladi, haddan tashqari boy eng yuqori 1 foizga esa 43,8 foiz toʻgʻri keladi.
“Biz milliarderlar davrida yashayapmiz — va bu dunyo uchun yomon yangilik”, — dedi Oxfamʻning Germaniya boʻlimi raisi Sharlotte Beker. Uning soʻzlariga koʻra, oʻta boylarning iqtisodiy qudrati siyosiy taʼsirga aylanib borayotgani alohida tashvish uygʻotadi — bu demokratiyani yemirib boradi.
Beker qoʻshimcha qilishicha, bu jarayon va uning butun dunyo uchun salbiy oqibatlari AQSH prezidenti Donald Tramp misolida yaqqol koʻrinadi: “boylar manfaatiga yoʻnaltirilgan siyosat tengsizlikni kuchaytiradi”, deydi u.
Oxfamʻning yillik hisobotida aytilishicha, Germaniya hozirgi paytda milliarderlar soni boʻyicha dunyoda toʻrtinchi oʻrinni egallab turibdi. 2025 yilda ular soni uchdan birga koʻpaygan: Oxfam GFRda 172 nafar milliarderni sanagan. Tashkilot maʼlumotiga koʻra, oddiy nemis milliarderi bir yarim soatda Germaniyadagi oʻrtacha yillik daromadga teng summa ishlab topadi. Ayni paytda, Germaniya aholisining beshdan biri qashshoqlikda yashaydi.
Oxfam yana bir bor Germaniyada ham, global miqyosda ham oʻta boylarni yanada qatʼiy va izchil tarzda soliqqa tortish tarafdori ekanini bildirdi. Xususan, tashkilot milliarderlar uchun soliq joriy etishni shunday chora sifatida atadiki, undan tushadigan daromad moddiy mablagʻlarni yanada adolatli taqsimlashga, iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashga va demokratiyani himoya qilishga yordam berishi mumkin.


