Samarqand viloyati Urgut tumanida joylashgan “Qizilturuk” oltin koni auksion savdosiga qoʻyildi. Savdo boʻyicha tegishli maʼlumotlar E-AUKSION portaliga joylashtirildi.
Maʼlumotlarga koʻra, auksionda ishtirok etish uchun arizalarni qabul qilishning oxirgi muddati 2022 yil 14 mart soat 9:00 boʻlib, savdo shu kuni soat 10:00 da boshlanadi.
Shuningdek, binoning boshlangʻich narxi 23 milliard 691 million soʻm boʻlib, zakalat miqdori 2 milliard 369 million 100 ming soʻmni tashkil etadi.
Qayd etilishicha, “Qizilturuq” konida oltin qazib olish uchun yer qaʼri uchastkasidan foydalanishda quyidagi talablar quyilgan:
- ishlab chiqarishda foydali komponentlarni ajratib olish koeffitsenti kamida 85 foizli texnologik reglamentni qoʻllashni nazarda tutish;
- loyihani amalga oshirish uchun talab etiladigan ruxsat beruvchi hujjatlarga ijobiy xulosa olingandan soʻng bir yil davomida investitsiya loyihasi doirasida 20 million dollardan kam boʻlmagan investitsiyalarni jalb qilish;
- loyihani amalga oshirish uchun 150 million dollar miqdorida investitsiya kiritish;
- kondagi foydali qazilmalarni litsenziya berilgan sanadan boshlab 36 oy mobaynida qazib olish va qayta ishlashni boshlash, shuningdek yillik qazib olishni TIAda koʻrsatilgan miqdordan kam boʻlmagan darajada amalga oshirishni taʼminlash;
- qazish ishlari olib boriladigan viloyat va tumanda yashovchi aholi uchun TIAga muvofiq ish oʻrinlarini tashkil etish, bunda yaratiladigan ish oʻrinlarining soni 600 tadan kam boʻlmasligini taʼminlash.
Taʼkidlanishicha, yer qaʼri uchastkasining maydoni 1643 gektardan iborat. Maʼmuriy jihatdan, ish joyi Samarqand viloyati Urgut tumani hududida, Samarqand shahar markazidan 50 kilometr janubdagi Chaqilkalon togʻlarining gʻarbiy uchida joylashgan.
Ish maydoni keskin kesilgan relyefli togʻli hudud boʻlib, mutlaq balandliklari 1000 dan 1600 metrgacha yetadi. Vodiylar ustidagi suv havzalarining nisbiy balandligi — 200–500 metr. Hududning ekspozitsiyasi taxminan 80 foizni tashkil qiladi.
Avvalroq Kanada kompaniyasi Oʻzbekiston kon sohasiga 6 million dollar ajratishi xabar qilingandi. Shuningdek, Navoiy kon-metallurgiya kombinati 3 ta korxonaga boʻlingani haqida xabar berildi.


