“Oʻzagroeksportbank” ustav kapitalidagi 100 foiz davlat aksiya paketi “Sovkombank” tomonidan sotib olindi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, “Oʻzagroeksportbank” aksiyadorlik tijorat bankining ustav kapitalidagi 100 foiz davlat aksiya paketini “Sovkombank” (Rossiya) bilan 4,0 million dollarga sotish yuzasidan kelishuvga erishilganin.
Taʼkidlanishicha, Prezidentning “2020–2025 yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi toʻgʻrisida” 2020 yil 12 maydagi farmoniga muvofiq hamda xalqaro talablardan kelib chiqib, “Oʻzagroeksportbank” faoliyati tahlili (due diligence) natijalari va xususiylashtirish boʻyicha konsultant tavsiyasiga koʻra tijorat bankining 100 foiz davlat aksiya paketini yaxlit holda, raqobatga asoslangan ommaviy oshkora sotuv jarayoni amalga oshirilgan.
Sotish jarayoniga xususiylashtirish boʻyicha konsultant sifatida Grant Thornton va baholash uchun KPMG xalqaro kompaniyalari jalb etilgan.
Avvalroq Alisher Usmonovga aloqador kompaniya “Kapitalbank”dan yana ulush sotib olgani xabar qilingandi. Shuningdek, Samarqanddagi “Qizilturuk” oltin koni sotuvga qoʻyilgani haqida xabar berildi.


