Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Biznes

Oʻzbekistonda qimmatbaho metallarni tadbirkorlar tomonidan qazib olish tartibi belgilandi

Qazib olingan qimmatbaho metallar qabul kassalariga, zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi tadbirkorlarga sotiladi.

Foto: “wallbox.ru”

Oʻzbekistonda hukumat qarori bilan qimmatbaho metallarni tadbirkorlar tomonidan qazib olish tartibi belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, hukumat qarori bilan Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga koʻra, qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish uchun ruxsatnomalar Davlat geologiya qoʻmitasi tomonidan har yili tasdiqlanadigan yer qaʼri uchastkalari boʻyicha beriladi. Bunda yer qaʼri uchastkasi ishonchli, aniq konturlari va chegaralari koʻrsatilgan, oʻlchami 5 gektargacha boʻlgan sochma oltin konlari boʻladi.

Yer qaʼri uchastkalari Ye-auksion portaliga qoʻyiladi va uning bir gektari boshlangʻich narxi BHMning 35 baravari (9 million 450 ming soʻm) etib belgilanadi. Ruxsatnomalar Ye-auksionʻdagi auksion yakunlari boʻyicha faqat Oʻzbekiston rezidentlariga 3 yilga beriladi.

Ruxsatnoma olganlar qazish ishlarini boshlashdan avval yozma ravishda hokimiyatni, Ekologiya, Sanoat xavfsizligi qoʻmitalari, Kon-geologiya inspeksiyasini xabardor qilishi kerak. Qazib olingan qimmatbaho metallar qabul kassalariga, zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi tadbirkorlarga sotiladi.

Avvalroq Samarqanddagi “Qizilturuk” oltin koni sotuvga qoʻyilgani xabar qilingandi.