Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Iqtisodiyot va moliya

Fargʻona vodiysidagi gaz quyish shoxobchalari vaqtincha faoliyatini toʻxtatadi

Cheklovdan maqsad — birinchi navbatda tabiiy gaz yetkazib berilishi muhim hisoblangan obyektlarni energiya bilan taʼminlash.

Foto: “Xalq soʻzi”

Fargʻona vodiysidagi AGTKSHlar 15 fevral soat 13:00dan 16 fevral soat 06:00gacha faoliyatini toʻxtatadi. Bu haqda “Oʻztransgaz” AJning rasmiy sahifasida maʼlum qilindi.

Qayd etilishicha, respublika hududida shu kunlarda sovuq ob-havo kuzatilmoqda. Bunday paytda aholi, isteʼmolchilar va ijtimoiy soha obyektlari, strategik ahamiyatga ega boʻlgan korxonalarni uzluksiz va barqaror tabiiy gaz bilan taʼminlash birlamchi vazifa sanaladi.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi 22-son qarorining “Tabiiy gazdan foydalanish qoidalari”, 7-bob 58-bandi hamda ulgurji va “Avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor stansiyalariga tabiiy gaz yetkazib berish toʻgʻrisida” rasmiylashtirilgan ikki tomonlama shartnoma shartlaridan kelib chiqib, viloyat hokimliklari tomonidan tasdiqlangan jadvalga asosan avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchalarida cheklovlar joriy qilinmoqda.

Xususan, Fargʻona vodiysidagi AGTKSHlar 15 fevral soat 13:00dan 16 fevral soat 06:00gacha faoliyatini toʻxtatadi.

Xabarga koʻra, bundan maqsad — birinchi navbatda tabiiy gaz yetkazib berilishi muhim hisoblangan aholi, shifoxona, maktab hamda maktabgacha taʼlim tashkiloti kabi ahamiyatga ega muassasalar, shuningdek, elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi yirik stansiyalarning tabiiy gaz taʼminotida barqarorligini taʼminlashdan iborat.

“Hurmatli isteʼmolchilar, vaqtinchalik cheklov choralari havo harorati biroz koʻtarilgunga qadar davom etadi hamda AGTKSH tez orada avvalgi tartibda ishlash rejimiga oʻtishini maʼlum qilamiz. Vaqtinchalik noqulayliklar uchun uzr soʻraymiz”, — deyiladi xabarda.