Fargʻona vodiysidagi AGTKSHlar 18 fevral soat 14:00dan 19 fevral soat 06:00 gacha faoliyatini toʻxtatadi. Bu haqda “Oʻztransgaz” AJning rasmiy sahifasida maʼlum qilindi.
Qayd etilishicha, respublika hududida shu kunlarda sovuq ob-havo kuzatilmoqda. Bunday paytda aholi, isteʼmolchilar va ijtimoiy soha obyektlari, strategik ahamiyatga ega boʻlgan korxonalarni uzluksiz va barqaror tabiiy gaz bilan taʼminlash birlamchi vazifa sanaladi.
Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi 22-son qarorining “Tabiiy gazdan foydalanish qoidalari”, 7-bob 58-bandi hamda ulgurji va “Avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor stansiyalariga tabiiy gaz yetkazib berish toʻgʻrisida” rasmiylashtirilgan ikki tomonlama shartnoma shartlaridan kelib chiqib, viloyat hokimliklari tomonidan tasdiqlangan jadvalga asosan avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchalarida cheklovlar joriy qilinmoqda.
Xususan, Fargʻona vodiysidagi AGTKSHlar 18 fevral soat 14:00dan 19 fevral soat 06:00 gacha faoliyatini toʻxtatadi.
“Hurmatli isteʼmolchilar, vaqtinchalik cheklov choralari havo harorati biroz koʻtarilgunga qadar davom etadi hamda AGTKSH tez orada avvalgi tartibda ishlash rejimiga oʻtishini maʼlum qilamiz. Vaqtinchalik noqulayliklar uchun uzr soʻraymiz”, deyiladi xabarda.
Avvalroq ham Fargʻona vodiysidagi gaz quyish shoxobchalari vaqtincha faoliyatini toʻxtatgani xabar qilingandi.


