Lukashenko Ukrainaning Belarus kaliyli oʻgʻitlaridan voz kechganini maʼlum qildi. Bu haqda Belarus Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko Ukrainaning Belarus kaliyli oʻgʻitlaridan voz kechganini va AQSHdan ularni almashtirishni soʻraganini aytgan.
“Prezident Ukraina endi Belarus kaliyli oʻgʻitlaridan voz kechishga qaror qilganini taʼkidladi va Amerikadan ushbu mahsulotni almashtirishda yordam berishni soʻradi. Ammo Qoʻshma Shtatlar buni rad etdi, chunki ular asosan Kanadadan kaliy sotib oladi”, deyiladi Belarus Prezidentining veb-saytida.
Lukashenkoning soʻzlariga koʻra, Ukraina rasmiylarining Belarusga qarshi qilayotgan ishlari aqlga sigʻmaydi.
“Uni sotib olish uchun Amerikaga borishingiz kerak! Narxi qancha ekanligini tasavvur qiling: qazib olish, qayta ishlash, temir yoʻl orqali olib borish, portlarda yuklash, minglab kilometrlar bu yerga, bu yerda yana yuklash, yana temir yoʻl transporti, yana dehqonlarga olib kelguncha… Bir necha baravar qimmatroq boʻladi. Nega shunday ogʻir vaziyatda bularni qilyapsiz?” — degan Lukashenko.
Ukraina axborot agentligi maʼlumotlariga koʻra, 2021 yili 2020 yilga nisbatan Ukrainaga mineral oʻgʻitlar importi 97,6 foizga oshib, 1,661 milliard dollarni tashkil etgan. Xususan, Ukraina Belarusdan 2021 yil dekabr oyida 4,385 million dollar, 2020 yil dekabrda esa 1,703 million dollarga kaliyli oʻgʻit import qilgan.
Avvalroq Ukraina soʻnggi oylarda Gʻarbdan qancha mablagʻ olgani xabar qilingandi. Shuningdek, Qozogʻiston Rossiya orqali Ukrainaga koʻmir yetkazib berishda ayrim cheklovlar borligini tan olgani haqida xabar berildi.


