Rossiyaning ehtimoliy hujumi haqidagi xabarlar tufayli Ukraina iqtisodiyoti oyiga 2–3 milliard dollar yoʻqotmoqda. Bu haqda Ukraina Prezident devoni rahbari oʻrinbosari Rostislav Shurma xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Rossiyaning ehtimoliy hujumi haqidagi maʼlumotlar tufayli Ukraina iqtisodiyoti uchun tiklab boʻlmaydigan yoʻqotishlar oyiga 2–3 milliard dollarni tashkil qiladi.
Shurmaning soʻzlariga koʻra, bu miqdorga toʻxtatilgan investitsiyalar, qoʻshimcha inflyatsiya, turizm sohasidagi yoʻqotishlar, havo qatnovining qisqarishi kiradi.
“Agar vaziyat axborot jihatidan barqarorlashsa, hech boʻlmaganda hozirgi holatda boʻlsa, unda ogʻriq chegarasi koʻtariladi va ikki oy ichida bunday yoʻqotishlar boʻlmaydi”, — degan u.
Shuningdek, Shurma moliya bozorlarida spekulyativ bosim ham mavjudligini taʼkidlagan. Bu qarz olishni toʻsib qoʻyadi va valyuta kursiga bosim oʻtkazadi. Bundan koʻrilgan zarar yana 1,5–2 milliard dollarni tashkil etadi.
Avvalroq Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy inqiroz davrida iqtisodni barqarorlashtirish uchun Kiyevga 4–5 milliard dollar kerakligini aytgan edi. Bu mablagʻ Ukraina bilan rivojlanish uchun resurslarni jalb qilishda “hammasi joyida boʻlishi” uchun yostiq boʻlib xizmat qiladi, deya tushuntiradi Shurma.
“Xolisona oʻylab koʻring, qaysi investor bunday vaziyatda biror narsa qurishga qaror qiladi? Koʻrinib turibdi-ki, barcha investorlar oʻz loyihalarini toʻxtatib qoʻygan”, — degan u. Shurmaning taʼkidlashicha, Ukraina uchun qarz bozorlari ham yopiq.
Bundan tashqari, Donbassdagi vaziyat ham keskinlashgan. 18 fevral kuni oʻzini mustaqil deb eʼlon qilgan Donesk va Lugansk Xalq Respublikalari (DXR va LXR) hukumati Ukraina tomonidan hujum qilish xavfi tufayli aholining Rossiyaga evakuatsiya qilinishini eʼlon qilgan. 19 fevralda ular umumiy harbiy safarbarlik eʼlon qilgan. Kiyev mojaroni diplomatiya yoʻli bilan hal etish niyatida ekanini aytib, hujum rejalarini rad etmoqda.
Avvalroq Ukraina-Rossiya mojarosi kuchaygan taqdirda eng koʻp zarar koʻradigan MDH davlatlari xabar qilingandi. Shuningdek, Lukashenko Ukrainaning Belarus kaliyli oʻgʻitlaridan voz kechganini aytgani haqida xabar berildi.


