Oʻzbekistonda dual taʼlimni joriy qilgan professional taʼlim muassasalarida oʻquvchilarga stipendiya yoki moddiy ragʻbatlantirish tizimi joriy etilishi mumkin. “Professional taʼlim tizimini yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan islohotlarni jadallashtirish va kasbiy koʻnikmalarni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori muhokamaga qoʻyildi.
Qaydi etilishicha, dual taʼlim shaklini joriy qilgan professional taʼlim muassasasining ichki imkoniyatlaridan kelib chiqib oʻquvchilar uchun stipendiya yoki moddiy ragʻbatlantirishlar joriy etiladi.
Shuningdek, dual taʼlim shaklini joriy qilgan professional taʼlim muassasalariga quyidagi masalalar boʻyicha boʻysunuvidagi vazirlik yoki idoralar bilan kelishilgan holda mustaqil qaror qabul qilish vakolati beriladi:
- dual taʼlimga tegishli boʻlgan kasblar va mutaxassisliklar boʻyicha qabul parametrlarini tasdiqlash;
- dual taʼlimning oʻquv rejasiga muvofiq belgilangan fanlar boʻyicha oʻqitish materiallari toʻplamlarini, elektron taʼlim resurslarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish;
- ichki imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda dual taʼlim uchun zarur boʻladigan oʻquv adabiyotlar shu jumladan xorijiy oʻquv adabiyotlar va qoʻllanmalarni xarid qilish.
Shuningdek, dual taʼlim shaklidagi guruhlarda taʼlim olayotgan oʻquvchilarni bir taʼlim muassasasidan boshqa taʼlim muassasasidagi dual taʼlim shaklidagi guruhga oʻqishini koʻchirishni oʻzaro kelishuv asosida hal etish ham amalga kiritilishi mumkin.


