Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Biznes

Oʻzbekiston Rossiya alkogolini eng koʻp xarid qiluvchilar qatorida: import qariyb 1 mln dollarga yetdi

Mamlakat 2021 yil tashqi bozorlarga 2,7 million dekalitrdan ortiq kuchli alkogolli ichimliklar yetkazib bergan.

Foto: “fsnovosti.ru”

Oʻzbekiston Rossiya alkogol mahsulotlarini import qiluvchi yetakchi davlatlar qatoriga kirdi. Bu haqda Rossiya Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat mahsulotlari eksportini rivojlantirish federal markazi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Oʻzbekiston 2021 yil Rossiyadan alkogol importini 2,7 barobarga oshirib, 999 ming dollarga yetkazgan.

Maʼlum qilinishicha, Rossiya 2021 yil tashqi bozorlarga 2,7 million dekalitrdan ortiq kuchli alkogolli ichimliklar yetkazib bergan. Bu 2020 yilning shu davriga nisbatan 12 foizga koʻpdir. Eksportdan tushgan tushum 20 foizga oshib, 195 million dollarni tashkil etgan.

Yeksport hajmining asosiy qismi anʼanaviy tarzda aroqqa toʻgʻri kelgan, uning savdosi 5,6 foizga oshib, jismoniy koʻrsatkichda 2,3 million dekalitrni, pul ifodasida esa 12 foizga oshib, 160 million dollarni tashkil etgan.

Oʻtgan yili Rossiya 75dan ortiq mamlakatlarga kuchli spirtli ichimliklarni eksport qilgan. 2020 yilda boʻlgani kabi, eng yirik xaridorlar Yevropa davlatlari — Latviya, Buyuk Britaniya va Germaniya boʻldi. Oʻtgan yili Latviyaga yetkazib berish hajmi 51 foizga oshib, 260 ming dekalitrni, pul ifodasida esa 69 foizga oshib, 32 million dollarni tashkil etgan.

Buyuk Britaniya xaridlarni 30 million dollarga (-11 foiz) kamaytirgan, Germaniya uni 26 million dollarga (+16 foiz) oshirgan. Rossiyadan kuchli alkogolli ichimliklar import qiluvchi beshtalik qatoriga Ukraina (22 million dollar, 27 foiz oʻsish) va Qozogʻiston (14 million dollar, 74 foiz oʻsish) ham kirgan.

Bundan tashqari, Xitoy (+66 foiz — 9,1 mln dollar), Ozarbayjon (+62 foiz — 3,1 mln dollar), Gruziya (+32 foiz — 2,5 mln dollar), Vetnam (3,1 barobar — 1,1 mln dollar), Vengriya (+62 foiz — 1,1 million dollarga) va Oʻzbekiston (2,7 barobar — 999 ming dollargacha) Rossiyadan alkogol importini sezilarli darajada oshirgan.