Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Iqtisodiyot va moliya

Rossiya iqtisodiyoti 11 yillik pasayishdan soʻng 2021 yil oʻsish qayd etdi

Qishloq xoʻjaligi pasayish kuzatilgan yagona yirik sanoat boʻldi.

Foto: “politobzor.net”

Rossiya iqtisodiyoti 11 yillik pasayishdan soʻng 2021 yili 4,6 foizga oʻsdi. Bu haqda Federatsiya Iqtisodiy rivojlanish vazirligining bayonotida maʼlum qilindi.

Qayd etilishicha, 2021 yilda Rossiya yalpi ichki mahsuloti 4,6 foizga oʻsgan. Bu 2020 yildagi iqtisodiyotning 2009 yildan buyon rekord darajadagi 2,7 foizga qisqarishini toʻliq qoplagan. Dekabr oyida iqtisodiy oʻsish yillik koʻrsatkichlarda 4,3 foizni tashkil etgan: noyabrda 5,3 foiz, oktyabrda 4,9 foiz va uchinchi chorakda 4,3 foiz boʻlgan.

Taʼkidlanishicha, 2021 yili iqtisodiyotning tiklanishiga ishlab chiqarish tarmoqlari ham, isteʼmol talabiga yoʻnaltirilgan sohalar ham hissa qoʻshgan. Yil davomida sanoat ishlab chiqarishi bir yil avvalgi 2,1 foizga pasayishdan keyin 5,3 foizga oshgan.

Foydali qazilmalarni qazib olish yil natijalari boʻyicha 2020 yildagi 6,5 foizga pasayishni toʻldira olmagan. Bu natija OPEK+ kelishuvi doirasidagi joriy cheklovlar bilan izohlangan. 2021 yil davomida qayta ishlash sanoatining ishlab chiqarish hajmi pandemiyagacha boʻlgan darajadan ishonchli tarzda oshib ketgan: dekabr oyida ushbu sohaning oʻsishi 2019 yilga nisbatan 14,2 foizni tashkil etgan.

Yil yakunlari boʻyicha qurilish ishlari hajmi 6 foizga (2020 yilda — 0,7 foizga), transportning yuk aylanmasi 5,3 foizga oʻsgan (2020 yilda — 4,7 foizga qisqargandi). Qayta tiklanish neft qazib olishning rejalashtirilgan oʻsishi va gazga, shuningdek, transportning boshqa turlariga boʻlgan talabning oʻsishi fonida quvur transporti koʻrsatkichlari bilan bogʻliq.

Qishloq xoʻjaligi 2021 yili pasaygan yagona yirik sanoat boʻlib, oldingi 12 oy ichida 1,3 foizga oʻsganidan keyin 0,9 foizga kamaygan. Maʼlumotlarga koʻra, bu birinchi navbatda gʻalla, kartoshka va sabzavot yetishtirishning qisqarishi, shuningdek, 2021 yili nolga yaqin dinamika qayd etilgan chorvachilik mahsulotlari oʻsishining sekinlashishi bilan bogʻliq.

Avvalroq AQSH iqtisodiyoti 1984 yildan beri eng yuqori oʻsishni qayd etgani xabar qilingandi. Shuningdek, Jahon iqtisodiyoti 2022 yilda ilk marta 100 trillion dollardan oshishi haqida xabar berildi.