SpaceXʻning koʻp sonli Starlink sunʼiy yoʻldoshlari astronomlarning yuqori sifatli tasvirlar olishiga va potensial xavfli asteroidlarni qidirishga xalaqit bermoqda. Bu haqda Astrophysical Journal Letters ilmiy jurnali tadqiqotida soʻz boradi.
Qayd etilishicha, tadqiqotchilar Janubiy Kaliforniyadagi Palomar rasadxonasi astronomlari tomonidan olingan 300 mingga yaqin suratga Starlink sunʼiy yoʻldoshlarining taʼsirini tahlil qilgan. Shunday qilib, 2019 yilning noyabridan 2021 yilning sentyabriga qadar shikastlangan tasvirlar soni 35 baravarga oshgani qayd etilgan. 2019 yilda tasvirlarining 0,5 foizi zarar koʻrgan boʻlsa, hozir bu koʻrsatkich 20 foizga yetgan.
Tadqiqot shuni koʻrsatadiki, quyosh nurlarining aks ettirilgan chiziqlari potensial xavfli asteroidlarni qidirishga xalaqit berishi mumkin. Sunʼiy yoʻldoshlarni asteroid va kometalar kabi tabiiy obyektlardan farqlash qiyinlashmoqda.
Avvalroq Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi 2022 yil rekord darajada koʻp raketa uchirishi xabar qilingandi.
Maʼlumot uchun, hozirgacha SpaceX 2042 ta Starlink sunʼiy yoʻldoshini uchirgan, biroq ularning hammasi ham orbitada emas va aktivlashtirilmagan.
Kosmik parvozlar boʻyicha tahlilchi Jonatan Makdauellning hisob-kitoblariga koʻra, 2000 dan ortiq sunʼiy yoʻldoshdan atigi 1495 tasi maʼlum bir orbitada. Shu bilan birga, 15 yanvar kuni Ilon Mask Twitterʻda1469 sunʼiy yoʻldosh faol ekanini, yana 272 tasi esa berilgan orbitalar tomon harakatlanayotganini yozgan.


