NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg Norvegiya Markaziy banki rahbari etib tayinlandi. Bu haqda Norvegiya hukumati veb-saytida bayonot eʼlon qilindi.
“Norvegiyada kamdan-kam odam ega boʻlgan moliyaviy maʼlumot, jamiyatni tushunish va boshqaruv tajribasining mujassamligi [Stoltenberg]ni barchamiz nomidan muhim ijtimoiy muammolarni hal qiluvchi institut — Norvegiya banki rahbari lavozimiga juda mos keladi”, — degan Norvegiya moliya vaziri Tryugve Slagsvold Vedum.
Qayd etilishicha, Norvegiya Markaziy bankining amaldagi rahbari Eysteyn Olsen 1 mart kuni oʻz lavozimini tark etadi, biroq Stoltenberg Shimoliy Atlantika alyansi rahbari sifatidagi faoliyatini yakunlaganidan keyingina bu lavozimni egallashi mumkin boʻladi. Uning vakolati 2022 yil 30 sentyabrda tugaydi.
Muvaqqat rahbarlikka Olsenning oʻrinbosari Ida Uolden Bax oʻtadi. Stoltenberg 1 dekabrda yangi lavozimga kirishishi kutilmoqda. Uning oʻrniga NATO bosh kotibi sifatida kim tayinlanishi hozircha maʼlum qilinmagan.
Maʼlumot oʻrnida, 62 yoshli Stoltenberg 1987 yilda Oslo universitetining iqtisod fakultetini tamomlagan. Norvegiya ishchilar partiyasini boshqargan, ikki marta Norvegiya Bosh vaziri lavozimlarida ishlagan, moliya vaziri, shuningdek, savdo va energetika vaziri boʻlgan. 2014 yilda Stoltenberg NATO bosh kotibi etib tayinlangan edi.


