Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Biznes

Metaolamda 2021 yil koʻchmas mulk sotuvi 500 mln dollardan oshdi

Oʻtgan yilning dekabr oyida 166 ming 464 ta Sandbox yer uchastkalari sotildi.

Foto: Sentavio

Toʻrtta asosiy metaolamda 2021 yil virtual koʻchmas mulk sotuvi 501 million dollarga yetdi. Bu haqda AQSHning CNBC telekanali MetaMetric Solutions tahlilchilariga tayanib yozmoqda.

Bu miqdor katta toʻrtlik kompaniyalari — Sandbox, Decentraland, Cryptovoxels va Somnium hisobiga toʻgʻri keladi. Ulardan tashqari oʻnlab kompaniyalar virtual yerlarni sotish bilan shugʻullanadi.

Toʻrtta platformada har xil oʻlchamdagi jami 268 ming 645 ta yer uchastkasi mavjud. 2021 yilning dekabr oyida 166 ming 464 ta Sandbox yer uchastkalari sotildi. Bu uchun efir (Ethereum) kriptovalyutasi orqali 12 ming 700 dollar toʻlangan.

“Katta xatarlar mavjud, ammo potensial mukofotlar ham katta”, — deydi virtual koʻchmas mulkka sarmoya kirituvchi Republic Realm kompaniyasi bosh direktori Janin Yorio.

Bunday koʻchmas mulkka 16 million dollar sarmoya kiritgan Tokens.com oʻzining metaolamida virtual moda tadbirlari va chakana savdo doʻkonlarini oʻtkazishni rejalashtirmoqda.

Qayd etilishicha, sotuvlarning birdan oʻsishiga Facebook oʻzining metaolamini rivojlantirishga eʼtibor qaratish uchun rebrending oʻtkazishi va nomini Metaʻga oʻzgartirishi haqida eʼlon qilgani sabab boʻlgan. MetaMetric maʼlumotlariga koʻra, oʻshandan beri virtual mulk sotuvi oʻtgan yilning noyabr oyidan beri deyarli toʻqqiz baravar oʻsib, 133 million dollarni tashkil etgan.

2022 yilning yanvar oyidagi sotuvlar, allaqachon, 85 million dollardan oshgan.Tahlilchilarning taxminiga koʻra, bunday tezlikda sotuvlar 2022 yil qariyb 1 milliard dollarga yetishi mumkin. randEssence Market Researc maʼlumotlariga koʻra, metaolam koʻchmas mulk bozori 2022 yildan 2028 yilgacha yiliga 31 foizga oʻsadi.

Shu bilan birga, baʼzi ekspertlar virtual koʻchmas mulk bozorini piramida sxemasi deb atashadi. Odatdagidan farqli oʻlaroq, virtual olamdagi koʻchmas mulk kod yordamida osongina yaratiladi, shuning uchun uni juda koʻp miqdorda “qurish” mumkin.

“Metaolamdagi yer savdosi odatda piramida sxemasi boʻlib, 20 yildan ortiq vaqtdan beri mavjud”, deydi Indiana universiteti professori Edvard Kastronova.

Yosh isteʼmolchilar metaolam haqida ijobiy fikrda. Tokens.com bosh direktori Endryu Kiguelning tushuntirishicha, raqamli narsalarni qoʻlda ushlab boʻlmasa, ularning qiymatini tushunish qiyin boʻlgan avlodlar bor.

“Yosh avlodning bu borada hech qanday muammosi yoʻq. NFT bilan boʻlgani kabi, blokcheyn texnologiyasi ham almashtirib boʻlmaydigan va kamyob narsalarni qilish imkonini beradi. Siz uni saqlashingiz, ommaga namoyish etishingiz va sotishingiz mumkin”, — deya xulosa qildi u.