Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Moliya

DSQ 15 mingdan ortiq chek uchun hisoblangan keshbek summasini bekor qildi

Qoʻmita keshbek amaliyoti toʻgʻri qoʻllanishini doimiy nazorat qilib borishini eslatdi.

Foto: Davlat soliq qoʻmitasi matbuot xizmati

Davlat soliq qoʻmitasi 15 ming 900 ta chek uchun hisoblangan keshbek summasini bekor qildi. Bu haqda Qoʻmita matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum boʻlishicha, Qoʻmita hozirgacha keshbek uchun roʻyxatdan oʻtkazilgan cheklarni tahlil qilgan. Tekshiruvlarda ayrim texnik xizmat koʻrsatish markazi (TXKM) xodimlari keshbekka ega boʻlish maqsadida oʻzgalar tomonidan amalga oshirilgan xarid cheklarini oʻz nomidan roʻyxatdan oʻtkazgani aniqlangan.

Jumladan, 3 nafar TXKM xodimi tomonidan oʻzi xizmat koʻrsatayotgan 281 ta tadbirkorlik subyektining 11 milliard soʻmlik 15,9 mingta xarid cheki roʻyxatdan oʻtkazilgan. Unga koʻra, TXKM xodimlari:

  • Q.N. tomonidan 178 ta tadbirkorning 5,8 milliard soʻmlik (jami 7 ming 524 ta chek);
  • Q.A. tomonidan 80 ta tadbirkorning 4,6 milliard soʻmlik (jami 5 ming 206 ta chek);
  • R.F. tomonidan 23 ta tadbirkorning 0,6 milliard soʻmlik (3 ming 131 ta) cheki “Soliq” mobil ilovasida QR-kod orqali roʻyxatdan oʻtkazilgan.

Maʼlumot uchun, texnik xizmat koʻrsatish markazlari tadbirkorlarga onlayn nazorat kassa mashinalarini yoki virtual kassani sotadigan va ularga doimiy texnik xizmat koʻrsatib boradigan tashkilot xisoblanadi.

Qoʻmita matbuot xizmatining qayd etishicha, “Soliq” mobil ilovasida yuqoridagi shaxslar tomonidan xaridni amalga oshirmasdan, roʻyxatga olingan cheklar uchun hisoblangan keshbek summasi bekor qilinadi. Shuningdek, qoʻmita keshbek amaliyoti toʻgʻri qoʻllanishini doimiy nazorat qilib borishini eslatgan.

Maʼlumot uchun, Oʻzbekistonda 2022 yil 1 yanvardan boshlab chakana savdo, umumiy ovqatlanish va aholiga maishiy xizmat koʻrsatish obyektlaridagi xarid uchun berilgan onlayn nazorat-kassa texnikasi QR-kodli chekini “Soliq” mobil ilovasida roʻyxatdan oʻtkazgan jismoniy shaxslarga xarid summasidan 1 foizli keshbek berish amaliyoti joriy etilgan.

1 yanvardan 1 fevralgacha 32 million 755 ming 242 ta (oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 17 million 134 ming 987 ta koʻp yaʼni 191 foizga oshgan) xarid cheki onlayn nazorat-kassa texnikasi orqali chop etilgan boʻlib, shundan 1 million 482 ming 563 tasiga mobil ilova orqali 19,4 milliard soʻmlik keshbek hisoblangan.