Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Moliya

AQSH davlat qarzi birinchi marta 30 trln dollardan oshdi

AQSH federal byudjeti taqchilligi YAIMining 12,4 foizini tashkil etdi.

Foto: “u-f.ru”

AQSH davlat qarzining umumiy miqdori yanvar oyi oxirida 30,01 trillion dollarni tashkil etdi. Bu haqda The Wall Street Journal AQSH gʻaznachiligi maʼlumotlariga tayanib xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, soʻnggi ikki yil ichida AQSH davlat qarzi iqtisodiyotni koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan choʻkishdan xalos boʻlishga yordam beradigan turli ragʻbatlantirish dasturlari uchun faol qarz olish hisobiga 7 trillion dollarga oʻsgan.

“Bu hayratlanarli raqam, chinakam tashvish uygʻotadi. Bu haqiqatan ham muhim maqsadlar uchun qarz olish natijasidir. Birinchi navbatda, COVID-19 pandemiyasini yengish uchun, bundan tashqari birgina sababga koʻra — siyosatchilarning hisob-kitoblarni toʻlashni istamasligi uchun koʻp trillionlab dollar qarz oldi”, degan Javobgarlik federal byudjeti qoʻmitasi rahbari Maya MakGineas.

Qayd etilishicha, 2021 yil sentyabrda yakunlangan moliyaviy yilda AQSH federal byudjeti taqchilligi 2,8 trillion dollarni yoki AQSH yalpi ichki mahsulotining 12,4 foizini tashkil etgan. Ikki yil avval, yaʼni pandemiyadan oldin defitsit YAIMning 4,7 foizini tashkil qilgandi.

Avvalroq Jo Bayden davridagi AQSH iqtisodiyoti qanchalik oʻzgargani xabar qilingandi. Shuningdek, AQSH iqtisodiyoti 1984 yildan beri eng yuqori oʻsishni qayd etgani haqida xabar berildi.