Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Biznes

Firdavs Abduxoliqovga nisbatan maʼmuriy ish ochildi

Aynan qaysi modda qoʻllangani maʼlum emas.

Foto: “Oʻzbekkino” milliy agentligi

Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqovga nisbatan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatildi. Bu haqda bosh prokurorning matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov Kommers.uzʻga maʼlum qildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi taqdim etgan hujjatlar Bosh prokuratura tomonidan oʻrganib chiqilgan va maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatilgan.

Maʼmuriy ish belgilangan tartibda koʻrib chiqish uchun 25 yanvar kuni jinoyat ishlari boʻyicha sudga yuborilgan. Bosh prokuratura rasmiysi Abduxoliqovga MJtKning aynan qaysi moddasi qoʻllanganini ochiqlamadi.

Ayni vaqtda OAVda mazkur holatda Abduxoliqovga nisbatan MJtKning 175-8-moddasi (Davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish) boʻyicha ish qoʻzgʻatilgan boʻlishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalmoqda.

Mazkur moddaning 4-qismiga koʻra, davlat xaridlari jarayonidagi affillanganlik va manfaatlar toʻqnashuvi haqida davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan tartibda xabar bermaslik mansabdor shaxslarga BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha (5,4 milliondan 8,1 million soʻmgacha) miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Maʼlumot oʻrnida, Milliy mass-mediani qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi oʻrinbosari Saida Mirziyoyeva “Sevimli” telekanali orqali efirga uzatilayotgan “Sabriya” seriali haqida oʻz fikrini bildirib, tanqid qilgan edi.

Keyinchalik Amira Rashidova serial real hayotdan olinganini aytib, tanqidlarga javob qaytargan. Shundan soʻng ijtimoiy tarmoqlarda jurnalist Saida Mirziyoyevaning fikriga qarshi chiqqani haqida xabarlar tarqaldi. Amira Rashidova bu unga nisbatan qilinayotgan ikkinchi tuhmat ekanini aytib, Saida Mirziyoyevaga qarshi emasligini taʼkidladi. Keyinroq Kinematografiya agentligi bosh direktori milliy seriallar haqida gapirdi.