Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Moliya

Toshkentda 2022 yil qariyb 4 mlrd dollarlik investitsiya oʻzlashtiriladi

Poytaxtning har bir tumani qoʻshimcha 100 million dollar jalb qilishi mumkin.

Foto: The Wall Street Journal

31 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida Toshkent shahrida amalga oshiriladigan loyihalar taqdimoti oʻtkazildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi. Taqdimotda investitsiya va eksport masalalari ham koʻrib chiqildi.

Xususan, 2022 yil poytaxtda 738 ta loyiha boʻyicha jami 3 milliard 800 million dollar investitsiya oʻzlashtirilishi qayd etildi. Shundan 2 milliard dollari toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyadir. 500 ta loyiha joriy yilning oʻzida ishga tushirilib, 27 mingta yangi ish oʻrni tashkil etiladi.

Investitsiya loyihalarini mahallalar kesimida shakllantirish choralari, bu sohada 2022-2026 yillarga moʻljallangan maqsadli koʻrsatkichlar haqida ham axborot berildi.

Davlat rahbari Toshkent shahrining moliyaviy, iqtisodiy imkoniyatlari kengligini, hududiy loyihalarni koʻpaytirib, har bir tumanga qoʻshimcha 100 million dollar jalb qilish mumkinligini taʼkidladi.

Tashqi savdo borasida ham “oʻsish nuqtalari” belgilab olingan. Xususan, joriy yilda Toshkent shahri eksporti 1 milliard 400 million dollar boʻlishi kutilayotgan boʻlsa, 2026 yilga borib bu koʻrsatkichni 2 milliard 500 million dollarga yetkazish moʻljallangan.

Yirik xalqaro brendlarni jalb qilish orqali ham ichki bozor talabini qondirish, ham eksportni oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Videoaloqa orqali tuman hokimlari va sektor rahbarlari bilan mahallabay ishlash masalalari yuzasidan muloqot boʻldi.