Oʻzbekistonda eng koʻp Telegram messenjeridan — 18 million odam foydalanadi.
31 yanvar kuni Oliy Majlis Senatining Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash masalalari qoʻmitasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda quyidagi statistika taqdim qilindi.
Maʼlumotlarga koʻra, mamlakatda Facebookʻdan 4,7 million, Instagramʻdan 3,7 million, Linkedlnʻdan 288 ming, Telegramʻdan 18 million, Odnoklassnikiʻdan 16,7 million, Twitterʻdan 51,6 ming va VKontakteda 2,6 million odam foydalanadi, ularning aksariyatini yoshlar tashkil qilmoqda.
Qayd etilishicha, mamlakatda yoshlar va bolalarni zararli axborotdan himoya qilish, bu sohada axborot xavfsizligini taʼminlash boʻyicha bir qator qonun hujjatlari qabul qilingan. “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi, “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi, “Bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari shular jumlasidandir.
“Keyingi vaqtlarda butunjahon Internet tarmogʻi va ijtimoiy tarmoqlarda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan targʻibot materiallarini berib borish, bolalarni Internetdagi turli axborot xurujlaridan himoyalashga qaratilgan elektron shaklda illyustratsiya qoʻllanmalari yaratish borasidagi ishlar yetarli darajada olib borilmagan”, deyiladi xabarda.
Maʼlumot uchun, Oliy Majlis Senatining yigʻilishida senatorlar, Qoʻmita ekspertlari, doimiy komissiya raislari, Yoshlar parlamenti aʼzolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan.


