Xitoy blokcheyn texnologiyasini sinab koʻrish uchun 15 ta shahar va 164 tashkilotni tanladi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.
Maʼlumotlarga koʻra, blokcheyn maʼlumotlar almashinuvini osonlashtirishi, biznes tartib-qoidalarini optimallashtirishi va korxonalar oʻrtasidagi sinergiyani yaxshilashi kerak. Texnologiya energetika, moliya, taʼlim, sogʻliqni saqlash va boshqa sohalarda qoʻllaniladi.
Tanlangan shaharlar qatoriga poytaxt Pekin, mamlakat janubidagi Guanchjou va janubi-gʻarbdagi Guyyan kiradi. Rasmiylarga koʻra, bu shaharlar sud jarayonini keng qamrovli tarzda oʻtkazadi, boshqalari esa ishlab chiqarish, energetika, huquqiy muammolar, mualliflik huquqi, transchegaraviy moliyalashtirish, taʼlim va sogʻliqni saqlash kabi muayyan sohalarga eʼtibor qaratadi.
Qayd etilishicha, blokcheyn bilan bogʻliq infratuzilma sanoat maqsadlarida keng miqyosda maʼlumotlarni almashish uchun joylashtiriladi. Dasturda ishtirok etuvchi tashkilotlarga oʻzaro ishlash mumkin boʻlgan hamda barqaror apparat va dasturiy taʼminotdan foydalanish tavsiya etiladi.
Xitoyda blokcheyn yordamida 200 ta “aqlli” shaharlar yaratish rejalashtirilmoqda. Bu shaharlarda hukumat rejalariga koʻra yigʻilgan texnologiyalar va maʼlumotlar fuqarolar hayotini yaxshilash imkonini beradi.
Avvalroq Xitoy “uchlik bosim” ostida iqtisodiyotni qoʻllab-quvvatlash uchun asosiy stavkani pasaytirgani xabar qilingandi. Shuningdek, Xitoy internet ustidan nazoratni kuchaytirishi haqida xabar berildi.


