Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Korzinka supermarketlar tarmogʻi asoschisi Zafar Hoshimov nomi bilan fond ochilgani aytilgan reklama koʻrinishidagi xabarlar tarqalgandi. Tadbirkor endilikda oʻz nomi bilan odamlardan pul yechib oluvchi firibgarlar paydo boʻlganidan ogohlantirdi.
Tadbirkorning taʼkidlashicha, soxta reklama ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlardagi guruhlarda tarqalishda davom etmoqda.
“Endi ular reklama uchun pul toʻlashdi va ijtimoiy tarmoqlarda bu xabar reklama sifatida paydo boʻyapti. Ishonuvchan foydalanuvchilar ushbu xabarga ishonib, yoʻq kurslarga roʻyxatdan oʻtsa, haqiqiy pul yoʻqotishlarining xavfi juda katta”, — deb yozadi tadbirkor.
Zafar Hoshimovning yozishicha, firibgarlar bilan tajriba ham oʻtkazilgan.
“Doʻstlarim tajriba oʻtkazdilar. Roʻyxatdan oʻtishdi, keyinroq ularga xorijiy raqamlardan (Buyuk Britaniya, Rossiya va hokazo) qoʻngʻiroq qilishdi. Telefon orqali mening nomimdagi mavjud boʻlmagan jamgʻarmaning ʻvakiliʻ investitsiya asoslarini oʻrganish uchun doʻstlarimning toʻlov kartasiga 100 dollar begʻaraz oʻtkazishga tayyor ekanliklarini maʼlum qildi va karta raqami soʻradi”, — deb yozadi tadbirkor.
Shuningdek, ular ushbu karta shu raqamga bogʻliq ekanini surishtirgan.
“Keyin qoʻngʻiroq qilgan shaxs operatsiyani yakunlash uchun telefon orqali ushbu raqamga kelgan SMS kod raqamini aytishi kerakligini maʼlum qildi. Sizni ogohlantirmoqchiman, ushbu kodni taqdim etishingiz bilan kartangizdagi barcha pullar bir zumda yoʻqoladi”, — deb yozadi Zafar Hoshimov.
Avvalroq tadbirkor Zafar Hoshimov ushbu fondga hech qanday aloqasi yoʻqligini maʼlum qilgandi.


