Tasavvur qila olasizmi: internetda kimdir bilan muloqot qilib, bir yil davomida munosabatlar oʻrnatib, unga shunchalik ishonasizki, u sizga puxta tushuntirib bergan investitsiya imkoniyatiga 10 mingdollar yuborasiz, ammo oxir-oqibat Pig butchering (“choʻchqa soʻyish”) firibgarligining qurboni boʻlib chiqasiz?
Siz “choʻchqa soʻyish” haqida eshitganmisiz? Xitoycha jargon tilida bu “Sha Zhu Pan” deb ataladi va hozirda eng daromadli kiberjinoyatlardan biri hisoblanadi. Firibgarlar internetda soxta shaxslar yaratib, nishonlarini (“choʻchqalar” deb atashadi) aniqlaydi – bular odatda pulga ega boʻlgan, lekin kiberxavfsizlik borasida zaifroq odamlar. Ular haftalar, oylar yoki hatto yillar davomida qurbonlarning ishonchini qozonib, ularni investitsiya qilishga koʻndiradilar. Koʻpincha bu firibgarlik kriptovalyuta bilan bogʻliq boʻladi, lekin har doim ham bunday emas. Keyin esa “choʻchqa soʻyish” bosqichi boshlanadi – firibgarlar qurbonlardan qoʻllaridan kelgancha koʻproq pul tortib olishga harakat qilishadi va ularni butunlay moliyaviy halokatga uchratadi.
Bu juda ekstremal tuyuladimi? Afsuski, bu zamonaviy kiberjinoyatchilikning achchiq haqiqati.
Global miqyosda bunday firibgarliklar yordamida 500 milliard dollardan ortiq mablagʻ oʻgʻirlangan va bu bozor tobora kengayib bormoqda. Masalan, Singapur kabi mamlakatlarda onlayn firibgarlik eng keng tarqalgan jinoyat turiga aylangan. Yana ham xavotirli tomoni shundaki, bunday firibgarlik sxemalarida hozirda butun dunyo boʻylab bir milliondan ortiq odam ishlamoqda. Ularning aksariyati bu ishga majburlab jalb qilingan, firibgarlik markazlarida asirdek ushlab turiladi, hatto qiynoqlarga solinadi.
Kiberjinoyatchilik va giyohvandlik savdosi: Nega firibgarlik yanada xavfli?
Onlayn firibgarlik noqonuniy giyohvand moddalar savdosini ham koʻlam, ham taʼsir jihatidan ortda qoldirdi. Ammo nega u anʼanaviy uyushgan jinoyatchilikdan ham xavfliroq?
Har kim qurbon boʻlishi mumkin
Giyohvandlik savdosidan farqli oʻlaroq, bu firibgarliklarga jalb qilinish majburiy emas – internetda boʻlgan har qanday odam nishonga aylanishi mumkin. Agar sizda qoʻrquv, yolgʻizlik, ochkoʻzlik, zerikish yoki boylik kabi xislatlar boʻlsa, kiberjinoyatchilar uchun potensial “choʻchqa”ga aylanasiz. Hech kim bu tahdiddan toʻliq himoyalanmagan.
Qonun taʼsir doirasidan tashqarida
Koʻplab kiberjinoyatchi tarmoqlar “firibgar davlatlar”da faoliyat yuritadi, bu joylarda ular siyosatchilar va davlat amaldorlarini sotib olib, himoya topishadi. Bu firibgarlik operatsiyalari juda keng koʻlamli – ayrim firibgarlik markazlari Google kampusiga teng keladigan darajada boʻlib, 30 dan ortiq binoga va milliardlab dollar aylanmaga ega.
Murakkab operatsiyalar
Bu firibgarlik sxemalari juda yuqori darajada tashkil etilgan boʻlib, turli guruhlar quyidagi vazifalarni bajarishga ixtisoslashgan:
- qurbonni aniqlash va tayyorlash;
- ularni soxta investitsiyalarga jalb qilish;
- oʻgʻirlangan pullarni yuvish.
Kiberjinoyatchilar realistik muloqot va ssenariylarni yaratish uchun katta mablagʻ sarflaydi. Natijada, ularning firibgarlik sxemalarini aniqlash juda qiyin boʻladi – buni odamlar koʻpincha juda kech boʻlganida anglaydi.
Innovatsiya qudrati
Kiberjinoyatchilikning eng qoʻrqinchli jihatlaridan biri – uning doimiy ravishda rivojlanish qobiliyatidir. Har soniyada sodir boʻlayotgan kiberhujumlar kelajakdagi firibgarliklar uchun ulkan hajmdagi oʻgʻirlangan maʼlumotlarni yetkazib bermoqda.
Sunʼiy intellekt asosidagi vositalar orqali jinoyatchilar nafaqat matnli xabarlarni, balki ovoz va yuz ifodalarini ham mukammal taqlid qila oladi. Hatto eng ehtiyotkor odamlar ham bunday firibgarliklarga aldanishi mumkin. Masalan, Britaniyaning Arup muhandislik kompaniyasi 25 million dollar yoʻqotdi – kiberjinoyatchilar sunʼiy intellektdan foydalangan holda moliyaviy direktorning ovozi va yuzini nusxalab, soxta tranzaksiyalarni tasdiqlashga muvaffaq boʻlishgan.
Kiberjinoyatchilikka qarshi kurash: Biz qarshi tura olamizmi?
Afsuski, kiberjinoyatchilikka qarshi himoya ancha sust. Taʼlim juda muhim boʻlsada, bu oʻsib borayotgan inqirozga qarshi kurashish uchun xalqaro hamkorlik zarur. Dunyoning ikki yetakchi davlati — AQSH va Xitoy bu tahdidlarga qarshi birgalikda harakat qilishlari kerak.


