Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Iqtisodiyot va moliya

Sanoat zonasi, imtiyozli kredit va soliqlar. Prezident charm-poyabzal sanoatini rivojlantirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi

2022 yilda soha mahsulotlari eksportini 500 million dollarga yetkazish maqsad qilingan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 24 yanvar kuni charm-poyabzal sanoatidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Bu soha xalq isteʼmoli tovarlari ishlab chiqarishda katta oʻringa ega. Soʻnggi yillarda amalga oshirilgan texnologik yangilash va mahalliylashtirish natijasida tarmoq sezilarli rivojlandi. Masalan, 2017 yilda 760 milliard soʻmlik charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarilgan boʻlsa, 2021 yilda bu koʻrsatkich 4 trillion 415 milliard soʻmni tashkil etgan.

Shu davrda eksport hajmi 105 million dollardan 421 million dollarga yetgan. Yaʼni, ishlab chiqarish qariyb 6 barobar, eksport 4 barobar oʻsgan. Tayyor mahsulotlar ulushi ham 32 foizdan 78 foizga koʻpaygan.

Shu bilan birga, hali bu tarmoqda ishga solinmagan imkoniyatlar juda koʻp. Lekin ayrim muammolar ishlab chiqaruvchilarga qiyinchilik tugʻdirmoqda. Jumladan, xomashyo hisobini yuritish tizimi yoʻq, avtomatlashgan kushxonalar kamligi teri sifatiga taʼsir qilmoqda. Dizayner, texnolog va malakali tikuvchilar, zamonaviy uskuna, kimyoviy vosita va butlovchi qismlar yetishmaydi.

Hududlar kesimida aytganda, Buxoro va Xorazmda yillik 2 million dona teri zaxirasi boʻlsa-da, uni sanoat usulida yigʻib olish va qayta ishlash yoʻlga qoʻyilmagan. Qashqadaryoda yiliga 1 million 800 ming, Navoiyda 700 ming va Toshkent viloyatida 500 ming dona mayda shoxli chorva terisi umuman qayta ishlanmaydi. Koʻp kushxonalar aholidan uzoqda joylashgani, mahallalar bilan bogʻlanmagani sababli kam quvvatda ishlamoqda.

Yigʻilishda shu kabi muammolarni hal etib, sohani tizimli rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar belgilandi.

Avvalo, mahallalarda chorva mollarini soʻyish va terini yigʻib olish boʻyicha kichik mobil xizmatlarni yoʻlga qoʻyish, buning uchun imtiyozli kreditlar ajratish zarurligi aytildi.

Mutasaddilar joriy yilda amalga oshirilishi moʻljallangan jami 421 million dollarlik 248 ta loyiha toʻgʻrisida maʼlumot berdi. Davlat rahbari korxonalarni oʻz vaqtida ishga tushirish, shu bilan birga, yangi istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish, bunda mahalliylashtirish va zamonaviy modellarni oʻzlashtirishga eʼtibor qaratish kerakligini taʼkidladi.

Nukus, Oltinkoʻl, Shahrixon, Jondor, Namangan, Urgut, Samarqand, Angor, Ohangaron va Hazorasp tumanlari, Namangan, Margʻilon, Qoʻqon, Jizzax, Qarshi va Nurafshon shaharlarida shu tarmoqqa ixtisoslashgan 16 ta kichik sanoat zonasi tashkil etilishi belgilandi. Ushbu hududlarda infratuzilma barpo etish uchun byudjetdan 90 milliard soʻm ajratiladi.

Uskunalar xarid qilish uchun tadbirkorlarga 3 yillik imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga kredit beriladi. Umuman, sohani qoʻllab-quvvatlashga joriy yilda 60 million dollar imtiyozli kredit mablagʻlari yoʻnaltiriladi.

Bundan tashqari, Qoʻqon va Margʻilondagi anʼanalar asosida, barcha hududlarda kosibchilik rivojlangan mahallalarni tanlab, hunarmandlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha alohida dastur ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi. Ularga oilaviy tadbirkorlik va uy-joy dasturlari doirasida imtiyozli kreditlar hamda soliq imtiyozlari beriladi.

Qayd etilganidek, bu yil charm-poyabzal mahsulotlari eksportini 500 million dollar, kelgusi 3 yilda 1 milliard 200 million dollarga yetkazish maqsad qilingan.

“Bu juda katta marra. Bu maqsadga erishish uchun bozor ham bor, katta miqdorda xom ashyo ham bor, talabgor ham bor. Faqat buning uchun tadbirkorlarga barcha sharoitlarni yaratib berish kerak”, — deydi Prezident.

Shu maqsadda avval berilgan soliq va bojxona imtiyozlari 2026 yilgacha uzaytirilishi belgilandi. Shuningdek, chet ellik mutaxassislarni jalb etish xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi. Chet ellarda ulgurji ombor va savdo uylari tashkil qilish muhimligi taʼkidlandi, buning uchun xorijiy valyutada 3 yilga 4 foizlik kreditlar ajratilishi belgilandi.

Bugungi kunda mamlakatda ishlab chiqarilayotgan charm mahsulotlari hajmida ayollar poyabzali ulushi 23 foiz, bolalar poyabzali 8 foizni tashkil etadi, xolos. Shu bois bu yoʻnalishni ham soliq imtiyozi orqali ragʻbatlantirishga koʻrsatma berildi.

“Eng katta masala — mutaxassis yetishmasligi. Shuning uchun barcha hududlar bu borada aniq reja qilib, joylarda kadrlarni oʻqitish tizimini yoʻlga qoʻyishi kerak”, — deydi Prezident.

Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat institutida zamonaviy Oʻquv-ishlab chiqarish laboratoriyasi tashkil etish, xorijda mutaxassislar malakasini oshirish, oʻrta boʻgʻin ishchilarini tayyorlash boʻyicha vazifalar belgilandi.

Yigʻilishda tarmoq mutasaddilari, hokimlar, tadbirkorlar soʻzga chiqib, takliflarini bildirdi.