Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Iqtisodiyot va moliya

Oʻzbekistonda dori vositalari ishlab chiqarish 3 baravar oshiriladi

Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish boʻyicha Prezident farmoni imzolandi.

Foto: Sputnik

Oʻzbekistonda 2026 yilgacha dori vositalari ishlab chiqarish hajmi 3 baravar oshiriladi. Bu haqda Norma xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Oʻzbekiston 2026 yilgacha ichki bozorni dori vositalari bilan taʼminlash darajasini natural hajmda 80 foizga yetkazmoqchi. Bu boʻyicha Shavkat Mirziyoyev tegishli farmonni imzolagan.

Mazkur hujjat farmatsevtika sanoatida kelgusi 5 yilga moʻljallangan maqsadli investitsiya loyihalari dasturini tasdiqlaydi. Shu vaqt ichida dori vositalari ishlab chiqarish hajmini 3 baravar oshirish rejalashtirilgan.

Qayd etilishicha, 2022 yil 1 fevraldan mahalliy ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning farmatsevtika mahsulotlarini xorijiy davlatlarda roʻyxatdan oʻtkazish xarajatlarining 75 foizi Farmatsevtika tarmogʻini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamgʻarmasidan qoplab beriladi. Buning uchun ular roʻyxatdan oʻtkazilganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etish kerak boʻladi.

Shuningdek, 1 apreldan boshlab mahalliy ishlab chiqaruvchi tashkilotlar tomonidan ishlab chiqariladigan yangi farmatsevtika mahsulotlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish cheklanmagan muddatga amalga oshiriladi. Avval berilgan roʻyxatdan oʻtkazilganlik guvohnomalar, ularning amal qilish muddati tugaganidan soʻng qoʻshimcha hujjatlar talab qilinmasdan 15 kun muddatda amal qilishi muddatsiz boʻlgan guvohnomalarga almashtirib beriladi.

Bundan tashqari, 1 apreldan boshlab mahalliylashtirilgan farmatsevtika mahsulotlarini davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan kafolatli xarid qilish mexanizmi joriy etilmoqda. Buning uchun 3 yilga maxsus shartnoma tuziladi.

Kafolatlangan xaridlar uchun yetkazib beruvchilar ochiq tender orqali tanlanadi. Ushbu tanlovlar Oʻzbekistonda ilgari ishlab chiqarilmagan va mahalliylashtirishga moʻljallangan dori vositalari, tibbiyot buyumlari hamda tibbiyot texnikalari roʻyxati doirasida oʻtkazilmoqda.

Shu bilan birga, farmatsevtika sanoatida bir qator cheklovlar bekor qilingan:

  • donor qonini toʻplash va uning asosida farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni xususiy tartibda amalga oshirishga taqiq;
  • dori vositalarining klinik tadqiqotlarini sogʻlom koʻngillilarda oʻtkazishga cheklov;
  • tarkibi bir xil boʻlgan dori vositalarini bir ishlab chiqaruvchi tomonidan turli savdo nomlari ostida ishlab chiqarishga cheklovlar bekor qilinadi.

Taʼkidlanishicha, 1 apreldan boshlab farmatsevtika tarmogʻi va respublika sogʻliqni saqlash tizimidagi tashkilotlarni zarur amaliyotlar (GxP) talablariga muvofiq majburiy sertifikatlash muddatlari 2024 yil 1 yanvargacha uzaytiriladi.

Shuningdek, 2022 yil 1 iyuldan Oʻzbekiston hududida vakolatli tashkilot tomonidan rasmiylashtirilgan “Zarur ishlab chiqarish amaliyoti (GMP)”ga ega mahalliy ishlab chiqaruvchi tashkilotlar tomonidan ishlab chiqarilgan dori vositalarini va “ISO:13485” sertifikatiga ega ishlab chiqaruvchi tashkilotlar tomonidan ishlab chiqarilgan tibbiy buyum va tibbiy texnikani majburiy sertifikatlashtirish tartibi bekor qilinadi.

Shu bilan birga, 2023 yil 1 yanvardan boshlab davlat xaridlariga faqat sertifikatlangan yetkazib beruvchilar ruxsat etiladi. Bunda:

  • “Zarur ishlab chiqarish amaliyoti (GMP)”ga muvofiq;
  • tibbiy buyumlar va tibbiy texnikani ishlab chiqarishni tashkil etgan tashkilotlar — “ISO:13485” standartlari asosida;
  • “Zarur distribyutorlik amaliyoti (GDP)” standartlarini joriy etgan ulgurji savdo tashkilotlari qatnashishiga ruxsat beriladi.

Bundan tashqari, GMP standartlari boʻyicha faoliyat yurituvchi farmatsevtika mahsulotlarini eksport qiluvchilar quyidagi imtiyozlarga ega boʻladi:

  • eksport bilan bogʻliq xarajatlarning 50 foizigacha (avtomobil transportida eksport umumiy qiymatining 5 foizigacha, temir yoʻl orqali 7 foizigacha) qoplash uchun subsidiyalar;
  • aylanma mablagʻlarni toʻldirish uchun aylanma kreditlar — 1 yilgacha boʻlgan muddatga, 4 foizli stavka bilan, 3 mln dollargacha.

Shuningdek, 2025 yil 1 yanvarga qadar quyidagilar bojxona toʻlovlaridan ozod qilinadi:

  • dori vositalari ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan xomashyo va materiallar, tibbiyot buyumlari va qadoqlash materiallari;
  • texnologik va laboratoriya uskunalari, ularning butlovchi va ehtiyot qismlari, farmatsevtika ishlab chiqarish binolari uchun “toza xonalar”, sendvich-panellar va ventilyatsiya tizimlari.

Avvalroq Oʻzbekistonda yangi farmatsevtika mahsulotlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish muddati cheklanmasligi xabar qilingandi.