Oʻzbekistonda YAIM 2025 yilga qadar 100 milliard dollarga yetkazilishi rejalashtirilgan. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev ixtisoslashtirilgan maktablarda taʼlim va tarbiya sifatini tubdan oshirish boʻyicha ustuvor vazifalarga bagʻishlangan yigʻilishda maʼlum qildi.
Xabar berilishicha, 2025 yilga qadar yalpi ichki mahsulotni 100 milliard dollarga yetkazishni va eksport hajmini 30 milliard dollardan oshirishni reja qilingan.
“Buning uchun bizga, eng avvalo, hozirgi zamon talablariga mos keladigan va zarur bilimlar bilan qurollangan, mantiqiy fikrlaydigan, liderlik qobiliyatiga ega boʻlgan vatanparvar yosh avlodni tayyorlashimiz kerak”, — degan Prezident yigʻilishda.
Shu munosabat bilan soha mutasaddilari va viloyat hokimlariga ishni qaysi yoʻnalishlarda tashkil etish boʻyicha topshiriq berilgan.
Taʼkidlanishicha, yangi oʻquv yilidan boshlab, viloyat markazlaridan, katta shahar va tumanlardan 2 tadan, tuman va shaharlardan 1 tadan ixtisoslashgan maktablar Xalq taʼlimi vazirligidan Prezident taʼlim muassasalari agentligiga oʻtkaziladi.
Bunda, tuman va shaharlardagi sanoat va qishloq xoʻjaligining rivojlanganligi, bu hududlarda azaldan kuchli oʻqitilgan fanlardan kelib chiqib, maktablar ixtisoslashishi kerak. Shuningdek, bundan buyon ixtisoslashgan maktablar Prezident taʼlim muassasalari agentligi tizimida tashkil etiladi.
Avvalroq Obid Hakimov Oʻzbekistonda YAIM hajmini 2,5 foizga oshirish mumkinligi haqida gapirgani xabar qilingandi.


